• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZ RAHBARI ELDOR TULYAKOV ROSSIYALIK JURNALISTLAR UCHUN INTERVYU BERDI

2021-yil 21-oktyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiyaning bir guruh yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mehmonlarni qiziqtirgan Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, erishilayotgan natijalar, istiqboldagi vazifalar borasidagi bir qator savollariga javob berdi.

Xususan, E.Tulyakov olib borilayotgan islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar eng avvalo inson uchun hizmat qilayotgani, bu borada mas’ullarning ham jamiyat oldidagi ma’suliyati sezilarli ortganligi, ichki siyosatdagi islohotlar tashqi siyosatda ham o‘z aksini topayotganligi, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini yaratish siyosati bugungi kunda izchil davom etayotganini alohida qayd etdi.

Eldor Tulyakov Rossiyaning nufuzli tele- va radio kanallari va bosma OAVlari uchun intervyu berish asnosida, tashqi siyosatda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar hamda xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarning yaxshilanishi natijasida O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligi yaxshilanib, mamlakatga kiritilayotgan investitsiya oqimi ortganiga ham to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Prezidentlik saylovlarida siyosiy partiyalarning kuzatilayotgan faolligiga doir savollarga E.Tulyakov Prezidentlik saylovida ishtirok etayotgan barcha siyosiy partiyalar uchun bir хil miqdorda mablag‘ ajratilgani, nomzodlarga bir хil efir vaqti, reklama roliklari, yangi formatdagi bosma nashrlar taqdim etilganini ma’lum qildi. Deyarli barcha nomzodlar ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda o‘z sahifalari va kanallari faoliyatini yo‘lga qo‘ygani, barcha hududlarda nomzodlar va ishonchli vakillarning saylovchilar bilan uchrashuvlari o‘tkazilib, ushbu uchrashuvlar OAVlarda keng yoritilayotgani, aholi esa ularni diqqat bilan kuzatib borayotgani aytib o‘tildi. Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish har bir nomzodning o‘ziga bog‘liq ekanligi ham qayd etildi.

Rossiyalik OAV vakillari O‘zbekiston oldida turgan ustuvor vazifa va maqsadlar bilan ham qiziqishdi va shundan kelib chiqib bir qator savollarni Markaz rahbariga yo‘naltirishdi. Unga javoban Markaz rahbari eng avvalo deyarli barcha sohalarda boshlangan islohotlar davom ettirilishi, xususan, aholi uchun dolzarb bo‘lgan ta’lim olish va tibbiy hizmat ko‘rsatish sohasidagi islohotlar yanada rivojlanishi, ishsizlikni oldini olish borasidagi say-harakatlar qat’iy davom ettirilishi, ekologiya muammolarining oldini olish, korruptsiya bilan murosasiz kurashish, halqaro hamjamiyatga integratsiyalashuv jarayonlarini davom ettirish, Markaziy Osiyo va boshqa horijiy hamkorlar bilan ko‘ptomonlama tarzda hamkorlikni davom ettirish kabi masalalar bundan keyin ham davlatning ustuvor vazifasi bo‘lib qolishiga ishonishini ma’lum qildi.

 “Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati