• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ITALIYA JAMOATCHILIGI KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARNING MAZMUN-MOHIYATI BILAN TANISHTIRILDI

Avval xabar qilganimizdek, 2023-yilning 13-14 aprel kunlari O‘zbekistonning tahlil markazlari vakillaridan iborat delegatsiya Italiyaning Rim shahrida bo‘lib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar taqdimotiga hamda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi.

Jumladan, tashrifning ikkinchi kuni delegatsiya a’zolari Italiya parlamenti a’zolari, Italiya Tashqi ishlar va iqtisodiy hamkorlik vazirligi vakillari hamda Italiyaning Osiyo va Afrika O‘rta yer dengizi instituti (ISMAA) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotlar davomida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, ikki mamlakat «aql markazlari» o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari va uning istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvlarda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov italiyalik hamkorlarni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi. Xususan, amalga oshirilayotgan islohotlarda bosh maqsad – inson huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat darajasiga olib chiqish, fuqarolarning farovon turmush kechirishini ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga erishish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish lozimligi, bu jarayonlarda rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi, nufuzli xalqaro tashkilotlarning tavsiya va takliflari ham inobatga olinayotganligini ta’kidlandi.

Shuningdek, Italiya Tashqi ishlar va iqtisodiy hamkorlik vazirligi huzuridagi «Circolo degli Esteri» klubida, ayni kunlarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida E.Tulyakov tomonidan mamlakat Bosh Qomusiga xalq xohish va istaklarini aks ettiruvchi bir qator asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi aytib o‘tildi. Bu esa, so‘nggi yillarda erishilgan islohotlarning ortga qaytmasligini ishonchli konstitutsiyaviy himoyasini ta’minlash, ushbu erishilgan yutuqlar, huquq va erkinliklardan kelajak avlodlar ham emin-erkin foydalanishini kafolatlaydi.

Muloqotlar yakunida italiyalik vakillar tomonidan yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini markaziy o‘ringa qo‘yilayotganligi, barcha sohalar, xususan tadbirkorlar faoliyati ham to‘laqonli kafolatlanayotganligi yuqori baholandi.

Shuningdek, uchrashuvlarda O‘zbekiston va Italiya yetakchi tahlil markazlari o‘rtasida hamkorlikni yanada jadallashtirish, tajriba almashish, o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va hamkorlikda turli mavzularda maqolalar chop etish masalalarida kelishuvga erishildi.

 

 

 “Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati