• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XALQARO KUZATUVCHILAR BILAN UCHRASHUVLAR

2023-yilning 29-aprel hamda 1-may kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilinishiga oid referendum jarayonlarini kuzatib borish maqsadida O‘zbekistonda bo‘lib turgan yigirmaga yaqin xorijiy davlat vakillari hamda xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, 1-may kuni Turkiyaning “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi rahbari doktor Akkan Suver, “Planet360.info” madaniy nodavlat assotsiatsiyasi bosh kotibi Gvido De Simone, “Diplomatic World” nashrining direktori Barbara Ditrix, “Causeur” jurnali bosh muharriri J.Mikayeli, “Edile Consulting” kommunikatsiya kompaniyasi prezidenti S.Suid hamda Yevrosiyo iqtisodiy aloqalar assotsiatsiyasi boshqaruv kengashi raisi Hikmet Erenlar bilan ikki tomonlama muloqotlar tashkil etildi.

Uchrashuvlar avvalida, Markaz rahbari Eldor Tulyakov mehmonlarni Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning dastlabki natijalari, shuningdek ushbu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan olib borilayotgan jamoatchilik nazoratining o‘rni va ahamiyati bilan yaqindan tanishtirib o‘tdi.

Jumladan, Taraqqiyot strategiyasidagi maqsadlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan roli va o‘rnini oshirish, xalq farovonligi, tinchligi, demokratiya va inson huquqlari kafolatini ta’minlaydigan erkin jamiyat va adolatli davlat qurish hamda mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirib, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, referendumga olib chiqilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi, uning bevosita xalq muallifligida yozilganligi, shuningdek rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi, nufuzli xalqaro tashkilotlarning tavsiya va takliflari ham inobatga olinganligini e’tirof etildi.

O‘z navbatida, xorijlik kuzatuvchilar mamlakatda amlga oshirilayotgan islohotlar, bo‘lib o‘tgan referendum jarayonlari hamda Konstitutsiyaviy islohotlar borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati