• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARIDA KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH – MUHIM JARAYON

Ma’lumki, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, BMT Taraqqiyot Dasturi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan «Fuqarolik jamiyati institutlarini korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olishda innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish jarayoniga jalb qilish» qo‘shma tanlovi doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ta’limi bo‘yicha uslubiy qo‘llanma tayyorlangan edi.

2023-yil 26-may kuni Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan ushbu qo‘shma tanlov natijalariga bag‘ishlangan tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti Avazbek Xolbekov tomonidan loyiha doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ta’limi bo‘yicha Markaz ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanma taqdimoti o‘tkazildi.

A.Xolbekov taqdimot davomida uslubiy qo‘llanmada korrupsiyaga qarshi ta’lim va bolalarni o‘qitishning innovatsion g‘oyalari va mexanizmlari, shuningdek maktabgacha ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi zamonaviy ta’limning asosiy yondashuvlari hamda tamoyillari taqdim etilganligi ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, qo‘llanmada yosh avlodning huquqiy savodxonligi va huquqiy ongini rivojlantirish, halollik, to‘g‘rilik va korrupsiyaga qarshi dunyoqarashi, shuningdek korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Qo‘llanmaning o‘ziga xos jihati shundaki, undagi ilovalarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun illustratsiya va media materiallar ham taqdim etilgan.

Shu bilan birga, tadbirda ishtirokchi ekspertlar va soha mutaxassislari tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib, yuqoridagi kabi ijtimoiy sheriklik doirasida boshlangan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularning sabablarini o‘rganishga oid sotsiologik tadqiqotlar tashkil etish taklif qilindi.

 

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati