• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZ RAHBARI XITOYNING YETAKCHI “AQL MARKAZ”LARI RAHBARLARI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI

2023-yilning 8–10-iyul kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Xitoy Xalq Respublikasining yetakchi “aql markaz”lari rahbarlari hamda ekspertlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.

Jumladan, dastlab “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Xitoyning Yevropa va Osiyo ijtimoiy tadqiqotlar instituti (ISRЕA) direktori Li Yunsyuan va institut ilmiy xodimi Chjang Ninlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, Markaz va ISRЕA o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini Anglashuv Memorandumini imzolash orqali yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tadbirlar tashkil etish borasidagi istiqbollarni keng muhokama qilishdi.

Shuningdek, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo Instituti direktor o‘rinbosari Szin Chje bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Eldor Tulyakov mehmonlarni Markaz faoliyati, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi, uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu jarayonda Markaz tomonidan olib borilayotgan jamoatchilik nazoratining o‘rni va ahamiyati bilan tanishtirib o‘tdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona muloqot nafaqat strategik sherik davlatlar sifatida ikki tomonlama munosabatlarda, balki shu bilan birga, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, shuningdek boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ham ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarining jadal rivojlanib borayotganligini ta’kidlashdi.

O‘z navbatida, Szin Chje bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi hamda so‘nggi yillara mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Shu bilan birga, Xitoyning Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Sun Si bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda tomonlar global pandemiyadan so‘ng yanada jadallik bilan rivojlanib borayotgan O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari, xalqaro munosabatlardagi hozirgi murakkab sharoitda barcha global muammolar yechimi borasida ikki mamlakat tomonidan ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotganligini ta’kidlab o‘tishdi.

Shuningdek, uch kunlik uchrashuvlar davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov SHHT uchun xalqaro huquqiy kadrlar tayyorlash va hamkorlik markazi qoshidagi Yevroosiyo tadqiqotlari instituti direktori Li Sin hamda Shanxay xorijiy tillar universitetining Shanxay Global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi ijrochi dekani Yan Chenlar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, SHHT doirasida aloqalarni yanada kengaytirish, jumladan innovatsion dasturlar va loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish, bunda avvalo tomonlar o‘rtasida hamkorlik Memorandumini imzolashga kelishib olishdi.

Do‘stona muloqot ruhida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar yakunida tomonlar Markaz va Xitoyning yetakchi “aql markaz”lari o‘rtasida hamkorlik Memorandumlarini imzolash, o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma tadbirlar va tadqiqot loyihalari olib borish, kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarda aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib olishdi.

 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati