• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

PЕKIN SHAHRIDA «MARKAZIY OSIYO – XITOY» FORMATIDA XALQARO SIMPOZIUM BO‘LIB O‘TDI

2023-yilning 27-iyul kuni Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasining «Rivojlanish bo‘yicha xalqaro bilimlar» (Center for International Knowledge on Development – CIKD) markazi tomonidan «Markaziy Osiyo – Xitoy» rivojlanish bo‘yicha bilimlar mavzusida xalqaro simpozium tashkil etildi.

Unda, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlaridan vazirlar, jamoat arboblari darajasidagi rasmiy vakillar, shuningdek xalqaro tashkilotlar, yetakchi tahlil markazlari vakillari va boshqa ekspertlar ishtirok etishdi.

Ilk marta o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro simpozium Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorligini muhokama qilish va mazkur sohada tajriba almashishga qaratildi.

Tadbirda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham ishtirok etdi. U o‘z nutqida O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijasi, shuningdek BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘nalishida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha strategik maqsadlari va erishilgan natijalariga to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, Eldor Tulyakov bugungi kunda O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetika manbalaridan foydalanish hamda mamlakat iqtisodiyotining «yashil transformatsiyasi» yuzasidan xorijiy hamkorlarni xabardor qilib, 2050-yilga borib, unda uglerod-neytral energetikaga o‘tish maqsad qilinganligini e’tirof etdi.

Qolaversa, Markaz rahbari qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida Xitoy bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarga ham to‘xtalib o‘tib, misol tariqasida Xitoyning elektromobillar ishlab chiqaruvchi «BYD Auto Industry» kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligiga e’tibor qaratdi.

Xalqaro simpozium yakunida qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha hamkorlikni jadallashtirishga kelishib olindi.

 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati