• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga asosan “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturi amalga oshiriladi

Gazeta.uz tomonidan chop etilgan maqolada 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida nazarda tutilgan 41-maqsaddan “Chekka hududlarda maktab hamda maktabgacha taʼlim muassasalarigacha transport qatnovini yoʻlga qoʻyish” bandi chiqarib yuborilganligi, davlat bu maqsaddan qaytganligi keltirilgan.

Bunga asos qilib “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish” toʻgʻrisidagi PF-221-son farmon keltirilgan.

Maʼlumki, umumxalq muhokamalaridan soʻng 2023-yil 11-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-158-son Farmoni bilan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi qabul qilindi.

Ushbu hujjat mamlakatda tizimli ravishda olib borilayotgan islohotlarning uzviyligi va mantiqiyligini taʼminlashga xizmat qiladi. Shu bois, avval belgilangan maqsadlarni yanada samaraliroq va muvaffaqiyatliroq boʻlishini taʼminlash bilan bir qatorda, ularning koʻlamini kengaytirishga ham ushbu hujjat asos boʻlib xizmat qiladi.

Shuning uchun, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining 2-maqsadida umumiy oʻrta taʼlim tizimida “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish maqsadida “Olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun bepul avtobuslarni yoʻlga qoʻyish” boʻyicha aniqlik kiritilgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi PQ-300-son qarori bilan qabul qilingan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yoʻnalishi boʻyicha 2023-2024-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlarga koʻra 2024-yilda oʻquvchilar uchun bepul maktab avtobuslari yoʻlga qoʻyilgan olis va chekka hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari sonini 100taga yetkazish belgilangan.

Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishib borish holatini https://uzbekistan2030.uz/ portali orqali kuzatib borish mumkin.

Shu bois, davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlariga oid axborot tarqatish jarayonida masalani kengroq oʻrganish, kerak boʻlsa mutaxassislar bilan fikrlashish lozim, deb oʻylaymiz.
 

Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori