• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

YEVROPARLAMENTDA OʻZBEKISTON VA YI HAMKORLIGINI YANADA RIVOJLANTIRISHGA BAGʻISHLANGAN DAVRA SUHBATI BOʻLIB OʻTDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov joriy yilning 4-6-mart kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashrif bilan Bryussel shahrida boʻldi.

Tashrif doirasida Yevroparlament binosida deputatlar, Yevropa tashqi harakatlar xizmati (YTHX) hamda Yevropa komissiyasi vakillari ishtirokida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan strategik islohotlar va mamlakatimizni rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari, yangilangan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati va ahamiyati, shuningdek, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash boʻyicha davlat siyosatining amalga oshirilishi, inson huquqlari, gender tengligi, ijtimoiy himoyani taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlar taqdimoti oʻtkazildi.

Xususan, Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻz nutqida Oʻzbekistonda barcha islohotlar “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida olib borilishi natijasida mamlakatda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvi, muhim strategik hujjatlarni qabul qilinishi, umuman, islohotlarning barcha bosqichlaridagi ishtiroki va faolligi ortgani, natijada davlat organlarining ochiqligi va hisobdorligi taʼminganligini alohida qayd etdi.

Shuningdek, boshqaruvning barcha boʻgʻinidagi mansabdor shaxslarning Parlament va mahalliy Kengashlar oldida majburiy hisobot berishi islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgan boʻlsa, chiqarilayotgan qarorlarning ochiq elektron portallarda muntazam eʼlon qilib borilishi islohotlar jarayonida jamoatchilikning faol ishtirokini, mansabdor shaxslar va budjetlar ustidan esa nazoratni taʼminlash imkonini bergani taʼkidlandi.

Ishtirokchilar eʼtibori Oʻzbekistonning mintaqaviy hamkorlik jarayonlaridagi muhim roliga qaratildi. Oʻzbekiston rahbarining Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik va dunyo davlatlari bilan oʻzaro manfaatli aloqalarni oʻrnatishga qaratilgan ochiq va pragmatik tashqi siyosati davlatlar oʻrtasida anglashuv hamda ishonch muhitini yaratib, mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilgani eʼtirof etildi.

Shuningdek, muloqot davomida Oʻzbekiston bilan YI oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda “Markaziy Osiyo – YI” formatidagi tashabbuslarni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati