• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZ JAMOASI “YASHIL MAKON” UMUMMILLIY LOYIHASI DOIRASIDA OʻTKAZILGAN DARAXT EKISH AKSIYASIDA QATNASHDI

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimizdagi har bir tashkilot, korxona va muassasalar tomonidan Respublika hududlari boʻylab mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilmoqda. Mazkur loyihaga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi jamoasi ham oʻz hissasini qoʻshdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga qarashli maydonda daraxt ekish aksiyasi oʻtkazildi. Unga mahalla faollari va koʻngilli yoshlar ham jalb qilindi. Tadbir doirasida belgilangan hududga 50 tup manzarali daraxt koʻchati ekildi. Ekilgan har bir nihol “Yashil makon” platformasi orqali roʻyxatga olinib, ularning parvarishi uchun masʼul shaxslar biriktirildi. Oʻz navbatida, Ekopartiya masʼullari ekilgan koʻchatlarning unib-oʻsishi nazoratga olinishini maʼlum qildi.

Taʼkidlash kerakki, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini kengaytirish, xususan, har yili 200 million tup daraxt ekib borish va respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, ekiladigan har bir daraxtni parvarish qilish va sugʻorish tizimini yaratish koʻzda tutilgan. Birgina Toshkent shahrida yashil maydonlar hududini 5 barobar koʻpaytirib, 5 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.

Shundan kelib chiqqan holda 2024-yilgi Davlat dasturida loyiha doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar koʻchatlarini, qalamchalarini ekish, respublikada 444 ta yashil bogʻlar barpo etish belgilangan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati