• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SOGʻLIQNI SAQLASH SOHASINI RIVOJLANTIRISHDA XUSUSIY SEKTORNING OʻRNINI OSHIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

2024-yil 16-aprel kuni Yevropa-Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida sogʻliqni saqlash sohasi, jumladan farmatsevtika yoʻnalishida oʻz yechimini kutayotgan muammolar boʻyicha ochiq davra suhbati oʻtkazildi.

Davra suhbatida Parlament aʼzolari, Adliya vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, Yevropa Ittifoqi diplomatik korpusi, aql markazlari, mahalliy va xorijiy tibbiyot muassasalari hamda farmatsevtika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. 

Asosiy eʼtibor mamlakatimiz farmatsevtika sanoatining bugungi holatini muhokama qilish, sohada Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish masalalariga qaratildi. Ishtirokchilar Oʻzbekiston bozoriga ilgʻor Yevropa texnologiyalarini joriy etish, Oʻzbekiston va Yevropa farmatsevtika kompaniyalari oʻrtasida sarmoya kiritish va hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan fikr almashdi. 

Davra suhbati davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimida xususiy sektorning faolligini oshirish “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan strategik maqsadlarga erishishning asosiy omili hisoblanishini taʼkidladi. 

“Tibbiyot muassasalarni modernizatsiya qilish, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish uchun xususiy investitsiyalar va innovatsiyalar zarur, bu esa Oʻzbekiston aholisining salomatligini yaxshilash va umr koʻrish davomiyligini oshirishga yordam beradi. Dunyo tajribasi koʻrsatganidek, sohada sezilarli yutuqlarga erishish uchun xususiy sektorning ishtiroki muhim. Shuning uchun “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida barcha sohalardagi nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish va tibbiy muassasalarni toʻliq raqamlashtirish kabi vazifalar belgilangan” – deya qoʻshimcha qildi Markaz rahbari.

Xususiy sektor va jamoat tashkilotlari vakillarining oʻzaro muloqoti uchun qulay imkoniyat yaratgan tadbir yakunida Oʻzbekistonda tibbiyot xizmatlari va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish boʻyicha muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
 Axborot xizmati