• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI: INSON SALOHIYATINI ROʻYOBGA CHIQARISH IMKONIYATLARI” MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI OʻTKAZILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi: inson salohiyatini roʻyobga chiqarish imkoniyatlari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Unda Parlament aʼzolari, vazirlik va idoralar, aql markazlari mutaxassislari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Konferensiyada “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlarida belgilangan vazifalar, xususan, taʼlim tizimini isloh qilish, aholi salomatligini taʼminlash, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish va kambagʻallikni qisqartirish, maʼnaviy taraqqiyot va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarga oid davlat siyosati va sport yoʻnalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazilib, maʼruzalar qilindi.

Anjumanda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Farrux Xakimov “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida koʻzda tutilgan maqsadlar va ustuvor yoʻnalishlar, jumladan, strategiya doirasida raqamlashtirish jarayonlari hamda mamlakatda haqiqiy axborot jamiyatini barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼruza qildi.

Maʼruzada “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida barcha sohalarda raqamlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilganligi, xususan, Strategiyaning 57-maqsadida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoda mintaqaviy “xab”ga aylantirish, shuningdek, mazkur maqsad doirasida 2030-yilgacha “Raqamli hukumat” dasturi orqali 300 ta ustuvor loyihalarni ishga tushirish, “Elektron hukumat” tizimining yangi bosqichi – “Raqamli hukumat” tizimiga oʻtilib, barcha hujjatlar va munosabatlarning raqamli shaklda boʻlishini taʼminlash, BMTning Elektron hukumat reytingida top-30 talikka kirishga erishish kabi aniq maqsadlar koʻzda tutilganligi taʼkidlandi.

Tadbir yakunida maʼruzachilarning chiqishlari va konferensiya mavzusi yuzasidan ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etildi hamda ilgari surilgan takliflar muhokama qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati