• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASIDA “OʻZBEKISTON — 2030” STRATEGIYASI VA DAVLAT DASTURI IJROSI YUZASIDAN MONITORING VA JAMOATCHILIK TADBIRLARI OʻTKAZILMOQDA

Joriy yilning 20-23-may kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va 2024-yilga moʻljallangan Davlat dasturi ijrosi ustidan monitoring va jamoatchilik nazoratini tashkil etish, shuningdek, ularning maqsad va vazifalarini aholiga yetkazish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasida monitoring va jamoatchilik tadbirlarini oʻtkazishmoqda. 

Ana shunday tadbirlardan biri Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Parlamenti aʼzolari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari hamda “Yuksalish” harakati Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasi masʼullari ishtirokida tashkil etildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasining 17 ta tuman va shaharlari, shuningdek, davlat va nodavlat organlaridan 300 nafardan ortiq vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va 2024-yilga moʻljallangan Davlat dasturining mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka yetkazildi. Xususan, “uzbekistan2030.uz” onlayn portali taqdimoti oʻtkazilib, uning asosiy vazifa va imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlandiki, ushbu portal orqali aholi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda har yili Strategiya asosida qabul qilinadigan Davlat dasturlarining amalga oshirilishi va natijadorligini muntazam kuzatib, oʻz fikr, taklif va munosabatlarini bildirib borish imkoniyatiga ega. Platformada bildirilgan fikr va ilgari surilgan tashabbuslar Markaz ekspertlari tomonidan tizimlashtirilib har oyda Respublika komissiyasiga taqdim etib boriladi.

Shuningdek, hududiy dasturlarda belgilangan vazifalar va ularning bajarilishi holati hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining amalga oshirilishi boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro holati koʻrib chiqilib, muhokama qilindi.

Tadbir yakunida 2024-yilgi Davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamalarida faol ishtirok etgan yurtdoshlarimizga “Taraqqiyot strategiyasi” markazining tashakkurnomalari topshirildi. 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati