• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SHANXAYDA ELEKTRON TIJORAT BOʻYICHA IPAK YOʻLI TAHLIL MARKAZLARI FORUMI BOʻLIB OʻTDI

Xitoyning Shanxay shahrida joylashgan Fudan universitetida “Elektron tijorat boʻyicha Ipak yoʻli tahlil markazlari forumi” boʻlib oʻtdi.

Mazkur forumga “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida hamkorlik olib borayotgan davlatlarning nufuzli “aql markazlari” vakillari taklif etilib, unda raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda sohani rivojlantirish boʻyicha dolzarb masalalarni birgalikda tadqiq qilish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xalqaro tadbir dasturiga muvofiq maʼruzachilar elektron tijorat va raqamlashtirish boʻyicha taqdimotlar qilishdi. Xususan, forumda ishtirok etgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Farrux Xakimov tomonidan Oʻzbekistonda raqamlashtirish sohasida olib borilayotgan islohotlar va ularning ijobiy natijalari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar haqida maʼruza qilindi.

Forumda bugungi kunda dunyo boʻylab elektron tijorat jadal rivojlanayotganligi va mamlakatlar iqtisodiy rivojiga turli mahsulotlarini qulay va tezkor yetkazilishiga xizmat qilayotganligi taʼkidlandi. Raqamli iqtisodiyotga, xususan, elektron tijoratga katta miqdorda moddiy va ilmiy sarmoya kiritilishi ortidan ushbu sohalar soʻngi yillarda faol rivojlanayotganligiga eʼtibor qaratildi. Jumladan, Xitoy misolida koʻrish mumkinki, 2023-yil yakuniga kelib Xitoy yalpi ichki mahsulotida raqamli iqtisodiyotning ulushi 10%ni (1 trln 750 mlrd AQSH dollari) tashkil qildi. Oʻz navbatida, Xitoyning transchegaraviy elektron savdosi hajmi 2022-yilga nisbatan 15% ga oʻsib, 2023-yilda 331 mlrd AQSH dollariga yetgan. Kelgusida mobil internet aloqaning “6G” kabi yangi avlodlarini ishga tushirilishi raqamli iqtisodiyot va elektron tijoratni yanada rivojlanishiga olib kelishi kutilmoqda.

Shuningdek, forumda “Elektron tijorat boʻyicha Ipak yoʻli tahlil markazlari hamjamiyati” tashkil etilganligi eʼlon qilindi. Hamjamiyat Fudan universiteti tomonidan muvofiqlashtirilib, “Bir makon, bir yoʻl” ishtirokchi davlatlari doirasida elektron tijorat imkoniyatlarini keng joriy qilish orqali savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirishni maqsad qilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati