• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SAMARQAND FORUMIDA GLOBAL IQLIM OʻZGARISHINING IJTIMOIY VA IQTISODIY HUQUQLARGA TAʼSIRI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 13-14-iyun kunlari “Ekologik muammolar: oʻzgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish” mavzusiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumida milliy va nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlardan vakillar, ommaviy axborot vositlari xodimlari ishtirok etmoqda.

Forumning birinchi kunida ekologiya bilan bogʻliq dunyoni tashvishga solayotgan global masalalar yalpi sessiyalarda milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan koʻrib chiqilib, muhokama qilindi. Xususan, Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumining ikkinchi yalpi majlisi “Global iqlim oʻzgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga taʼsiri: aholi zaif qatlamlari duch kelayotgan muammolar talqinida” mavzusiga bagʻishlandi.

Yalpi majlisga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi Doimiy vakili v.b. Anas Fayyad Qarman moderatorlik qildi. Mavzu doirasida yigirmaga yaqin xalqaro ekspertlarning maʼruzalari tinglanib, global iqlim oʻzgarishining ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarga taʼsiri muhokama qilindi.

Onlayn shaklda ham davom etgan sessiya muhokamalari davomida oʻzgarayotgan iqlim bilan bogʻliq sharoitda aholi zaif qatlamlarining huquqlarini taʼminlash boʻyicha aniq strategiyalarni taqdim etish masalalari, mazkur jarayonda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va jamoat institutlarining roliga atroflicha eʼtibor qaratildi. Bu boradagi ilgʻor xalqaro tajriba va eng maqbul milliy amaliyotlar koʻrib chiqildi.

Soʻzga chiqqanlar, jumladan, global iqlim oʻzgarishi sharoitlarida inson huquqlarining buzilishi holatlari oqibatida aholining zaif qatlamlari duch keladigan yaqqol xatar va muammolar koʻlamini tahlil etdilar. Bunday xatarlarni bartaraf etish va iloji boricha kamaytirishga qaratilgan taʼsirchan mexanizmlarni ishlab chiqishga alohida urgʻu berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati