• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZ RAHBARI TURKIY DUNYO AXBOROT-TAHLIL MARKAZLARI FORUMIDA ISHTIROK ETDI

Turkiyaning Istanbul shahrida joriy yilning 4-iyul kuni Turkiy dunyo axborot-tahlil markazlari forumi boʻlib oʻtdi. Unda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning nufuzli axborot-tahlil markazlari, siyosatchilar, diplomatlar, ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Turkiyaning “Diplomatiya” jamgʻarmasi (“Diplomasi Vakfı”) tomonidan tashkil etilgan mazkur forumda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

Forumda Markaz rahbari “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari va vazifalari haqida maʼruza qildi.

Eldor Tulyakov oʻz nutqida “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish maqsadlariga qaratilgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining beshinchi ustuvor yoʻnalishiga alohida toʻxtalar ekan, jahonda kechayotgan bugungi murakkab geosiyosiy jarayonlar, ziddiyatlar va turli inqirozlarga qaramasdan, Oʻzbekiston milliy manfaatlarini ilgari surib, xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyekti sifatida oʻzining tinchlikparvar tashqi siyosatini samarali amalga oshirib kelayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, jahonda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida oʻziga xos muhim oʻringa ega boʻlib borayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining ahamiyati haqida gapirdi.

“Bugungi kunda tashkilotga aʼzo barcha davlatlar tashqi siyosat, mintaqaviy va global muammolarga yechim topishda faol ishtirok etib, mazkur jarayonlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonning BMTdagi takliflari Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganligini alohida aytib oʻtishim joiz” – dedi Eldor Tulyakov.

Turkiy dunyo axborot-tahlil markazlari forumida ishtirokchilar tomonidan xalqaro munosabatlarning zamonaviy tendensiyalari va Turkiy davlatlar tashkiloti makonidagi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, turkiy dunyoning axborot-tahlil markazlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Forum doirasida Markaz hamda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlarning yetakchi “aql markazlari” vakillari oʻrtasida uchrashuv va muloqotlar oʻtkazilib, kelgusida oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati