• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XALQ DIPLOMATIYASI DINIY BAGʻRIKENGLIK VA MILLATLARARO MULOQOTNING SAMARALI VOSITASI: YANGI OʻZBEKISTON TAJRIBASI

Toshkent shahrida “Xalq diplomatiyasi diniy bagʻrikenglik va millatlararo muloqotning samarali vositasi: yangi Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman Oʻzbekiston va Xitoy tomonidan ishlab chiqilib, joriy yil 7-iyunda BMT Bosh Assambleyasida bir ovozdan maʼqullangan “Sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni” rezolyutsiyasi ijrosi doirasida tashkil etildi.

SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi hamda Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Farrux Hakimov maʼruza bilan ishtirok etdi.

Markaz eksperti oʻz nutqida soʻngi yillarda mamlakatimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlashga qaratilgan chuqur oʻylangan siyosat natijasida fuqarolar orasida oʻzaro hamjihatlik yanada mustahkamlanib, tobora takomillashtirilib borilayotgan millatlararo va konfessiyalararo muloqot mexanizmlari haqida toʻxtaldi.

“Bu jarayonlarda strategik hujjatlar – Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi hamda oʻtgan yili qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ham alohida ahamiyatga ega. Jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 100-maqsadida “Jamiyatda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish” ustuvor maqsad sifatida belgilangan” – dedi Farrux Hakimov.

Taʼkidlanganidek, 2024-yil Davlat dasturida ham Oʻzbekistonda “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etish, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimini joriy etish, xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga masofadan turib kun-u tun xizmat koʻrsatuvchi “Murojaat.vatandoshlarfondi.uz” onlayn elektron portalni ishga tushirish, xorijiy mamlakatlar va yurtimizdagi boshqa millat vakillari bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish, “Doʻstlik” festivali hamda Bagʻrikenglik haftaligini yuqori saviyada oʻtkazish kabi vazifalar belgilangan boʻlib, ularni samarali amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Tadbirda Markaziy Osiyo mintaqasidagi qoʻshni mamlakatlar bilan azaliy doʻstona aloqalarning yanada mustahkamlashda davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari muhim ahamiyat kasb etishi eʼtirof etildi.

Konferensiya yakunida xalqlarimiz oʻrtasida doʻstona aloqalarni rivojlantirish, ham mamlakatda, ham mintaqada diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlashda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish boʻyicha bildirilgan takliflar umumlashtirilib, kerakli tavsiya va xulosalar ishlab chiqildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati