• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARINI DAVLAT TOMONIDAN QOʻLLAB-QUVVATLASH TIZIMI YANADA TAKOMILLASHTIRILMOQDA

27-avgust kuni Adliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda Adliya vazirligi, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etib, Prezident Farmonida belgilangan fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumot berdi.

Jumladan, Farmon bilan davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish, ularning tashabbuslarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish, taʼsirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini ragʻbatlantirish, fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yoʻlga qoʻyish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish kabi eng muhim oltita yoʻnalish belgilab berildi.

Hujjatda nazarda tutilgan chora-tadbirlar mazmuniga toʻxtalar ekan, Markaz rahbari ushbu Farmon qabul qilinishining ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi.

— Fuqarolik jamiyati institutlari zamonaviy demokratik davlatni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi. Ular nafaqat turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini aks ettiradi, balki barqaror va demokratik jamiyat shakllanishiga ham yordam beradi.

Shu nuqtayi nazardan, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlarini aniqlash ularning mamlakat hayotida faol ishtirok etishini taʼminlash uchun muhim ahamiyatga ega. Yaʼni, bu bilan resurslarning konsentratsiyasi taʼminlanib, ularning maqsadli va samarali ishlashi ehtimoli ortadi, — dedi Eldor Tulyakov.

Taʼkidlandiki, mazkur hujjat fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik institutini rivojlantirish boʻyicha tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratib, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati taʼsirchanligini oshirishga xizmat qiladi.

Muloqot tarzida oʻtgan tadbir yakunida Farmonning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va uning ijrosini samarali taʼminlanishida davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorligini faol yoʻlga qoʻyish masalalari boʻyicha takliflar bildirildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati