• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZIY OSIYO MINTAQAVIY IQTISODIY HAMKORLIK DASTURIGA AʼZO DAVLATLARNING TARAQQIYOT STRATEGIYALARIGA BAGʻISHLANGAN XALQARO KONFERENSIYA

Qozogʻistonning Olmaota shahrida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik instituti (CAREC Institute) tomonidan “Taraqqiyot strategiyalarini qayta koʻrib chiqish: CAREC mintaqasi uchun yashil, innovatsion va inklyuziv rivojlanish” mavzusida IV yillik ilmiy-tadqiqot konferensiyasi tashkil etildi. Mazkur tadbir Xitoy va Markaziy Osiyoni oʻrganish markazi hamda Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida oʻtkazildi.

Xalqaro tadbirda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturiga aʼzo davlatlar – Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Gruziya, Moʻgʻuliston, Ozarbayjon, Pokiston, Xitoy, AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya, Tayland, Filippin va boshqa davlatlarning yetakchi tahlil markazlari vakillari, mutaxassislar, siyosatchilar va tadqiqotchilar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Xalqaro konferensiyada, jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Farrux Hakimov Markaziy Osiyo davlatlarida oʻzaro savdoni raqamlashtirish imkoniyatlari hamda uning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi oʻrniga bagʻishlangan taqdimot bilan qatnashdi.

Taqdimotda Markaziy Osiyo davlatlarida soʻnggi yillarda raqamlashtirish va axborot texnologiyalari sohasida olib borilayotgan islohotlar, erishilgan qator ijobiy oʻzgarishlar va muvaffaqiyatli loyihalar xususida maʼlumot berildi. Jumladan, mamlakatimizda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida tegishli chora-tadbirlar samarali yoʻlga qoʻyilganligi, natijada barcha yoʻnalishlarda raqamlashtirish yangi bosqichga chiqqanligi eʼtirof etildi. Tashqi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida, Oʻzbekistonda transchegaraviy savdoni raqamlashtirish yoʻnalishlarida amalga oshirilgan islohotlar xalqaro darajada eʼtirof etilayotganligi aytib oʻtildi. Xususan, BMTning raqamli va barqaror savdoni ragʻbatlantirish boʻyicha 2023-yilgi hisobotida Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi davlat sifatida baholanganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, anjumanda Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlarga ustuvor ahamiyat qaratish borasidagi saʼy-harakatlari tufayli mintaqada siyosiy muloqot va ishonch mustahkamlanganligi hamda oʻzaro savdo hajmi sezilarli darajada oshganligi eʼtirof etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati