• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZDA XITOYNING GWM KOMPANIYASI DELEGATSIYA VAKILLARI BILAN UCHRASHUV OʻTKAZILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Xitoyning “Great Wall Motors International” (GWM) avtomobilsozlik kompaniyasi vitse-prezidenti Suy Siaohey boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov xitoylik mehmonlarni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyati bilan tanishtirib, mamlakatimizda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, xorijiy kompaniyalar va investorlar bilan hamkorlik hamda ular uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berdi.

Muloqot jarayonida GWM vitse-prezidenti oʻzi faoliyat yuritayotgan kompaniya imkoniyatlari haqida gapirar ekan, 1984-yilda tashkil etilgan GWM Xitoyda avtomobillarni loyihalash, ishlab chiqarish, sotish va ularga xizmat koʻrsatish hamda ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi uchinchi yirik avtomobil kompaniyasi ekanligini taʼkidladi. Unga koʻra, bugungi kunda GWMda taxminan 120 ming xodim ishlaydi, ulardan 30 ming nafari malakali muhandislardir. Kompaniya 7-yil ichida 1 million donadan ortiq avtomobillarini sotishga erishgan. Ayni paytda GWM kompaniyasi HAVAL, WEY, ORA, TANK va POER kabi subbrendlarni oʻz ichiga oladi, shuningdek, 1000 ga yaqin xorijiy tarmoqlarga ega.

Suhbat davomida GWM vitse-prezidenti Oʻzbekiston kompaniyaning strategik hamkorlaridan biri ekanligini va “Haval” subbrendini ishlab chiqarish Jizzaxdagi “ADM Global” kompaniyasi bilan birgalikda allaqachon yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidladi.

Doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati