• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

HINDISTON RESPUBLIKASI MUDOFAANI BOSHQARISH KOLLEJI TINGLOVCHILARI UCHUN “OʻZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI TAQDIMOTI OʻTKAZILDI

Joriy yilning 15-oktyabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Oʻzbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Hindiston Respublikasi Mudofaani boshqarish kolleji oliy kursi tinglovchilari uchun “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati hamda Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.

Taqdimotda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi Bunyod Tillaxodjayev Markaz faoliyati va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari doirasida belgilangan maqsad va vazifalar haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida tashqi siyosatni xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil davom ettirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantirish, shuningdek, Janubiy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, yangi va istiqbolli yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, mamlakatning mudofaa qobiliyati hamda harbiy salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan aniq maqsadlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Tadbir davomida, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining ijrosi hamda bu jarayonda Markaz tomonidan olib borilgan jamoatchilik nazoratining oʻrni va ahamiyatiga toʻxtalib oʻtildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Hindistonning turli sohalardagi munosabatlari, xususan, ikki mamlakatning mudofaa sohasidagi hamkorligi hamda muntazam amalga oshirilayotgan “Doʻstlik” harbiy-oʻquv mashgʻulotlari haqida soʻz bordi.

Taqdimot yakunida Hindiston Respublikasi Mudofaani boshqarish kolleji oliy kursi tinglovchilari Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalar rivojlanayotganini alohida taʼkidladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati