• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

FUQAROLIK JAMIYATI: RIVOJLANISH, IMKONIYAT VA NATIJALAR

“Toshkent shahrida 2-6-dekabr kunlari Fuqarolik jamiyati haftaligi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur tadbir “Yuksalish” harakati tomonidan Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi kabi qator nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan, aql markazlari hamkorligida oʻtkazilmoqda.

Haftalik doirasida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati xalqaro forumida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Markaziy Osiyoda demokratlashtirish jarayonida fuqarolik jamiyatining oʻrni, nodavlat notijorat tashkilotlarining mahalliy rivojlanishga qoʻshayotgan hissasi va islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat idoralari oʻrtasidagi hamkorlikning samarali strategiyalarini muhokama qilishdi.

– Bugungi kunda mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan fuqarolik jamiyati institutlari sohalar boʻyicha ixtisoslashib, jamiyat uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlamoqda, ular esa turli masalalarga oʻz yechimlarini ilgari surmoqdalar, - dedi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Aytish joizki, hozirgi kunda hukumat va barcha davlat organlari islohot va oʻzgarishlarni fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorliksiz amalga oshirib boʻlmasligini yaxshi anglamoqda. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan “Jamiyat islohotlar tashabbuskori” tamoyilining ilgari surilayotganligini ham buning yorqin dalili sifatida koʻrsatish mumkin.

Shuningdek, Eldor Tulyakov mamlakatda aql markazlariga boʻlgan eʼtiborning ortishi, ularning qarorlar va strategiyalarni ishlab chiqishdagi taʼsiri haqida soʻz yuritib, bu borada Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarning ahamiyatiga toʻxtaldi.

“Yaqinda Oʻzbekiston Prezidentining parlamentga murojaatida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni yanada kuchaytirish uchun Qonunchilik palatasining har bir qoʻmitasi qoshida jamoatchilik kengashlarini tuzish taklifi berildi.

Shuningdek, fuqarolar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Jamoaviy tashabbuslar boʻyicha parlament komissiyasini tashkil etish taklifi ham bildirildi.

Ushbu tashabbuslar davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan boʻlib, ularning faol ishtirokini yanada ragʻbatlantiradi”, — dedi Markaz rahbari.

Fuqarolik jamiyati haftaligida dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun beshta davlat, 40 ta xalqaro tashkilot vakillari hamda mahalliy va xorijiy ekspertlar qatnashmoqda. Ular ishtirokida ochiq muhokamalar va muloqotlar, muhim mavzularga bagʻishlangan oʻnga yaqin xalqaro forumlar, uchrashuvlar, ekologlar va atrof-muhit faollari uchun treninglar, xayriya aksiyalari hamda taqdirlash tadbirlari oʻtkaziladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati