• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

PARIJ SHAHRIDA OʻZBEKISTON VA YEVROPA ITTIFOQI OʻRTASIDAGI MULOQOTNI KENGAYTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 9-dekabr kuni Fransiyaning Parij shahrida Oʻzbekiston tahlil markazlari delegatsiyasi “Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarining dolzarb masalalari hamda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi muloqotni kengaytirish” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi, shuningdek, tashrif doirasida yevropalik hamkorlar bilan qator uchrashuvlar oʻtkazildi.

Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi hamda Yevropa rivojlanish va xavfsizlik instituti (IPSE) hamkorligida tashkil etildi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston va Fransiyaning yetakchi tahlil markazlari vakillari, diplomatlar, siyosatchilar hamda Yevropaning turli mamlakatlaridan 40 ga yaqin xalqaro ekspertlar qatnashdi.

Oʻzbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nodir Gʻaniyev kirish soʻzida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari haqida toʻxtaldi.

Xalqaro tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston ekspertlar hamjamiyatidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tashqi siyosiy tadqiqotlar markazi rahbarlari va yetakchi tahlilchilari maʼruza qilishdi.

Jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov oʻz nutqida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, “Oʻzbekiston- Yevropa Ittifoqi” formatidagi hamkorlik toʻgʻrisida maʼlumot berib, turli sohalardagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari bilan bogʻliq masalalarni yoritib berdi.

Shuningdek, tadbir davomida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov bugungi kunda Markaziy Osiyoda kechayotgan mintaqaviy hamkorlik va integratsiyaning rivojlanishi, xususan, mintaqaviy hamkorlik institutsionallashuvining istiqbollari hamda “Markaziy Osiyo plyus«”formatidagi koʻp tomonlama hamkorlik masalalariga toʻxtaldi.

Oʻz navbatida, Fransiya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish bildirib, Yevropa Ittifoqi va unga aʼzo davlatlar uchun mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish muhimligini taʼkidladi.

Jumladan, Yevropa rivojlanish va xavfsizlik instituti direktori E.Dyupyui Oʻzbekiston Fransiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori ekanligini va ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik jadal rivojlanib borayotganligiga eʼtibor qaratdi. IPSE rahbarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda, mamlakat ochiq va muvozanatli tashqi siyosat yuritmoqda hamda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim rol oʻynamoqda.

Davra suhbatida Oʻzbekistonda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya jarayonlari, shuningdek, davlatimizning mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati yuqori baholandi.

Tadbir yakunida Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan tashrif buyurgan siyosiy va iqtisodiy doiralari vakillari Oʻzbekistonning yetakchi tahlil markazlari va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati