• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZ RAHBARI TURKIYADA BOʻLIB OʻTADIGAN IV XALQARO STRATEGIK KOMMUNIKATSIYA FORUMIDA ISHTIROK ETADI

13-14-dekabr kunlari Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya Boshqarmasi tomonidan bu yil toʻrtinchi marta tashkil etilayotgan Xalqaro Strategik Kommunikatsiya Forumi – Stratcom Summitʼ24 boʻlib oʻtadi.

“Kommunikatsiyada sunʼiy intellekt: tendensiyalar, tuzoqlar va oʻzgarishlar” mavzusida oʻtkazilishi kutilayotgan mazkur xalqaro sammitga dunyoning 30 ta davlatidan yetakchi tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar va tahlil markazlari ekspertlari taklif etilgan.

Tadbirning ochilish qismida Turkiya Vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz, Prezident huzuridagi Kommunikatsiya Boshqarmasi rahbari Faxretdin Altun, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan ishtirok etadi.

Ikki kun davomida 8 ta panel, 4 ta maʼruza va 6 ta individual sessiyalardan iborat forumda 3 mingdan ortiq mehmonlar qatnashishi kutilmoqda.

Mazkur nufuzli tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etadi.

Jumladan, xalqaro sammitning “Dezinformatsiyaga qarshi kurashda sunʼiy intellekt: davlat tashkilotlari uchun strategik vositalar” mavzusiga bagʻishlangan panel sessiyasi Eldor Tulyakov moderatorligida boʻlib oʻtadi. Unda sunʼiy intellekt yordamida yolgʻon axborotlarga qarshi kurashishning yangi usullari va bu boradagi mavjud dunyo tajribasi koʻrib chiqilib, dezinformatsiyadan himoyalanish masalalari muhokama qilinadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati