• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“O‘ZBEKISTON-YEVROPA ITTIFOQI” TAHLIL MARKAZLARI FORUMI BRUSSEL SHAHRIDA BO‘LIB O‘TDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Belgiyadagi elchixonasi hamda O‘zbekiston va Yevropaning yetakchi tahlil markazlari bilan hamkorlikda joriy yilning 11-dekabr kuni Brussel shahrida “O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi” tahlil markazlari forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev kirish so‘zi bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida tahlil markazlari ekspertlari tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan munosabatlari ko‘rib chiqilib, hamkorlikning asosiy jihatlari, xususan, mintaqada ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Ekspertlar tomonidan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy integratsiya va savdoni mustahkamlash imkoniyatlari hamda O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlik dinamikasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, mintaqaning global iqtisodiy va siyosiy jarayonlardagi strategik roli, jumladan, transport va energetika yo‘laklarining taʼsiri, barqaror infratuzilmani rivojlantirish, “yashil” o‘tish va raqamlashtirishni qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqi va mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va strategik muloqotni mustahkamlash muhimligini taʼkidladilar.

Yevropaning Osiyo tadqiqotlari institutida davom etgan muloqotlarda YI va Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradigan barqaror rivojlanish, taʼlim va madaniy almashinuv sohasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik, jumladan, transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlik qilish va umumiy muammolarni hal qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish masalalari haqida so‘z bordi.

Forum doirasida, jumladan, O‘zbekiston tahliliy markazlari delegatsiyasi vakillarining Bryussel shahrida Qirollik xalqaro munosabatlar instituti (EGMONT) bosh direktori Pol De Vitto bilan uchrashuvi tashkil qilindi.

Unda hamkorlarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida maʼlumot berildi.

O‘z navbatida EGMONT instituti bosh direktori Pol De Vitto mamlakatimizda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya jarayonlari, shuningdek, davlatimizning mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan pragmatik va konstruktiv tashqi siyosatini yuqori baholadi.

Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston tahliliy markazlari hamda EGMONT instituti o‘rtasida hamkorlik munosabatlarini yana-da rivojlantirish, birgalikda takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalda tatbiq qilish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati