• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OLIY SUDDA DAVLAT DASTURI LOYIHASI MUHOKAMASI BOʻLIB OʻTDI

2025-yilgi Davlat dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasiga bagʻishlangan tadbirlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida davra suhbati oʻtkazildi. Unda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni loyihasi sudyalar tomonidan muhokama qilindi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Davlat dasturi loyihasining ustuvor yoʻnalishlari va ularda nazarda tutilayotgan muhim chora-tadbirlarga toʻxtalib, ayni paytda oʻtkazilayotgan jamoatchilik muhokamalari va mazkur jarayonning hujjatni yanada takomillashtirishdagi ahamiyati haqida gapirdi.

Shuningdek, Markaz rahbari oʻz nutqida ayni kunga qadar uzbekistan2030.uz portali orqali Davlat dasturi loyihasi boʻyicha keng jamoatchilikdan kelib tushayotgan konseptual takliflarga eʼtibor qaratdi.

Muhokama ishtirokchilariga Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari Ikrom Muslimov Davlat dasturi loyihasining Qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yoʻnalishida, jumladan sud tizimidagi raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish boʻyicha koʻzda tutilayotgan muhim choralar haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, loyihada sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, “SMART SUD” konsepsiyasi asosida ishlarni bosqichma-bosqich toʻliq elektron shaklda yuritish amaliyotini yoʻlga qoʻyish hamda Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, ishni sudga qadar yuritish bosqichiga axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Bunda:

  • protsessual harakatlarni avtomatik qayd etish;
  • maʼlumotlarni onlayn olish imkonini yaratish;
  • maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar yuzaga kelishining oldini olish;
  • ish materiallarini onlayn uzatish imkonini yaratish;
  • jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish;
  • jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad etishning yagona hisobini yuritish;
  • sud ekspertizasini onlayn tayinlash mexanizmlari belgilanadi.

Davlat dasturi loyihasi muhokamasida qatnashgan sudyalar soha oid oʻz tashabbus va takliflarini bildirib oʻtishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati