• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

RENESSANS TAʼLIM UNIVERSITETI BILAN HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI

2025-yil 11-mart kuni Renessans taʼlim universiteti rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili Davlat dasturining mazmun-mohiyati boʻyicha taqdimot oʻtkazdi.

Markaz rahbari Davlat dasturida belgilangan eng muhim chora-tadbirlar, xususan, hududlarda ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish, aholi bandligini taʼminlash, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishiga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish kabi qator maqsadlar doirasida belgilangan vazifalarga toʻxtalib, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollariga javoblar berib oʻtdi.

Shuningdek, uchrashuvda Markaz rahbariyati va Universitet oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Mazkur memorandum doirasida kelgusida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda qoʻshma saʼy-harakatlarni yoʻnaltirish, xususan, ilm-fan va taʼlim sohasini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamda milliy va xalqaro darajadagi tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga oʻzaro kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati