• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
YASHIL KELAJAK UCHUN BIRGALIKDA HARAKAT QILAYLIK!
1950 | 16 Mar. 2025 y.

Eldor Tulyakov,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori

 

Bugungi kunda ekologik barqarorlikni taʼminlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va kelajak avlodga sogʻlom muhit qoldirish har qachongidan ham dolzarb masalaga aylanmoqda. Jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashish uchun jiddiy choralar koʻrayotgan bir paytda, Oʻzbekiston ham strategik maqsadlarini belgilab, amaliy islohotlarni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlab kelmoqda. “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi va davlat dasturlarida ekologik muammolarni hal etish, choʻllanishning oldini olish, havo va suv resurslarini muhofaza qilish, shahar va qishloqlarni yashil hududlarga aylantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Buning amaliy tasdigʻi sifatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Loyiha doirasida har yili 200 milliondan ortiq daraxt va koʻchat ekilib, shahar va qishloqlar yashil hududlarga aylantirilmoqda. Shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish maqsadida energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi manbalarga asoslangan shaharsozlik rivojlantirilmoqda.

Ekologik muammolarni hal etishda davlat bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) ham muhim rol oʻynaydi. Ular jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, ekologik qonunchilik ijrosini kuzatish, jamoatchilik fikrini shakllantirish va davlat organlari bilan muloqot oʻrnatishda faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, aholini atrof-muhit muhofazasiga jalb qilish, ekologik ong va madaniyatni shakllantirish orqali ekologik maʼrifatni oshirishga hissa qoʻshmoqda.

Bugungi kunda jahon miqyosida atrof-muhit muhofazasi boʻyicha bir qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Yevropa Ittifoqi 2050-yilga borib uglerod neytralitetini taʼminlashni maqsad qilgan boʻlib, bu iqlim oʻzgarishining oldini olish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

BMT maʼlumotlariga koʻra, har yili 10 million gektar oʻrmon yoʻq qilinadi. Bu hudud boʻyicha ayrim yirik davlatlar hududiga teng boʻlib, bunday katta miqyosdagi yoʻqotishlar ekologik muvozanatga jiddiy tahdid soladi va global iqlim oʻzgarishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu sababli, jahon hamjamiyati oʻrmonlarni saqlab qolish va qayta tiklashga katta eʼtibor qaratmoqda.

Bir trillion daraxt loyihasi (Trillion Tree Initiative) dunyo boʻylab 2030-yilga qadar bir trillion daraxt ekishni koʻzda tutadi. Bu tashabbus iqlim oʻzgarishini sustlashtirish, atmosferadagi СO2 miqdorini kamaytirish va biologik xilma-xillikni saqlab qolishga qaratilgan. Shuningdek, “Yashil devor” loyihasi doirasida Afrika qitʼasida Saxara choʻlining tarqalishini oldini olish maqsadida 8000 km uzunlikda daraxtzorlar barpo etilmoqda. Bu loyiha nafaqat iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, balki mahalliy aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga ham xizmat qiladi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yashil muhit inson ruhiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, stress darajasini kamaytirishga yordam beradi. Demak, ekologik tashabbuslar faqat tabiatni asrab-avaylash emas, balki inson salomatligi va jamiyat farovonligini taʼminlashda ham muhim oʻrin tutadi.

Daraxt ekish, yashil hududlar barpo etish kabi tashabbuslarni faqat davlat yoki ayrim fuqarolar emas, balki xususiy sektor va jamoat tashkilotlari ham qoʻllab-quvvatlashi zarur. Bu esa ekologik barqarorlikni taʼminlashda davlat va jamoatchilik oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish – faqat hukumatning vazifasi emas, balki har bir insonning masʼuliyatidir. Shunday ekan, har birimiz yurtimizni gullab-yashnayotgan, obod va ekologik barqaror mamlakatga aylantirishga hissa qoʻshishimiz kerak!

 


0
Похожие новости