• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

TOGʻ-KON SANOATI VA GEOLOGIYA VAZIRLIGIDA “OʻZBEKISTON – 2030” STRATEGIYASI VA DAVLAT DASTURI BOʻYICHA IQTISODIY OʻQISH BOʻLIB OʻTDI

2025-yil 17-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligida “Oʻzbekiston-2030” strategiyasining asosiy yoʻnalishlari hamda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” Davlat dasturini amalga oshirish yuzasidan iqtisodiy oʻqish oʻtkazildi. Mazkur seminar vazirlik markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari hamda tizim tashkilotlaridagi masʼul mutaxassislar uchun tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari Avazbek Xolbekov va Iskandar Oʻroqboyevlar seminarda “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi va uni “Atrof-muhitini asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan asosiy maqsad va vazifalar, bevosita vazirlik-idoralar, jumladan Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar xususida taqdimot qilishdi.

Xususan, geologiyaning iqtisodiy rivojlanishdagi oʻrni, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish, mineral xomashyo zaxirasidan samarali foydalanish, hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, Oʻzbekistonda qora metallurgiya sanoatini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyotning drayver tarmoqlari uchun mineral xomashyo bazasi zaxiralarini koʻpaytirishga oid vazifalar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, seminar davomida “Oʻzbekiston-2030” strategiyasi hamda 2025-yilgi Davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash boʻyicha vazirlik tomonidan tizimli chora-tadbirlar olib borilishi xususida qoʻshimcha qilindi.

Tadbir yakunida Markaz va vazirlik amaliy tadqiqotlarni kengaytirish maqsadida hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha kelishuvga erishdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati