• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MARKAZ RAHBARI YEVROPA IQTISODIY VA IJTIMOIY QOʻMITASI PREZIDENTI BILAN UCHRASHDI

Bryussel shahrida boʻlib oʻtayotgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi – 2025” xalqaro tadbirlari doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Yevropa Ittifoqining Iqtisodiy va Ijtimoiy Qoʻmitasi (EESC) prezidenti Oliver Röpke bilan uchrashdi.

Muloqot davomida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslar, demokratik institutlarni mustahkamlashda ishtirok etish va inklyuziv siyosat yuritishning ahamiyati haqida fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuvda EESC tomonidan tashkil etilgan Yevropa Ittifoqining Fuqarolik jamiyati haftaligi tadbiri muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Mazkur platforma fuqarolik jamiyati vakillari, siyosatchilar va ekspertlar oʻrtasida muloqotni rivojlantirish, hamkorlikni mustahkamlash va dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha tajriba almashish imkoniyatini yaratadi. Ushbu tadbir fuqarolik faolligini oshirish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash hamda jamiyat oldida turgan muammolarni birgalikda hal etishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishda muhim rol oʻynaydi.

Bundan tashqari, uchrashuvda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, institutsional islohotlarni amalga oshirish va jamoatchilik ishtirokini kengaytirish boʻyicha ilgʻor tajribalar va istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilindi. Xalqaro miqyosda hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashish orqali samarali va barqaror islohotlarni ilgari surish, shu orqali yanada inklyuziv va mustahkam jamiyatni shakllantirishga erishish mumkinligi qayd etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati