• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON DELEGATSIYASI “YEVROPA ITTIFOQINING FUQAROLIK JAMIYATI HAFTALIGI – 2025”DA DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI NAMOYISH ETDI

Joriy yil 17-20-mart kunlari Bryussel shahrida boʻlib oʻtayotgan “Yevropa Ittifoqining Fuqarolik jamiyati haftaligi – 2025” xalqaro tadbirida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasi qatnashmoqda.

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida OʻzNNTMA Kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev, “Sabr” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish markazi direktori Mavlyuda Shirinova hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Farrux Xakimovlar ishtirok etishyapti.

Xalqaro tadbirlarning ikkinchi kunida Markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov Yevropa yetakchilari bilan uchrashib, Oʻzbekistondagi demokratik oʻzgarishlar va fuqarolik jamiyati ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida fikr almashdi.

Jumladan, Eldor Tulyakov Yevropa Iqtisodiy va Ijtimoiy Qoʻmitasi vitse-prezidenti Aurel Laurentsiyu Ploshanu, Yevropa Parlamenti vitse-prezidenti Nikolaye Shtefenutse, Yevropa Ombudsmeni Tereza Anjinu va “Democracy International” tashkilotidan Daniela Vanchik bilan uchrashdi. Uchrashuvlar davomida Markaz rahbari xorijiy hamkorlarga Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, demokratik institutlarni mustahkamlash va aholining siyosiy jarayonlardagi ishtirokini oshirish borasida erishilayotgan natijalar haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlandiki, soʻnggi sakkiz yil davomida Oʻzbekistonda jamoatchilik faolligini oshirish, fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroki va taʼsirini oshirish boʻyicha izchil islohotlar olib borildi. Bu oʻzgarishlar “Xalq bilan muloqot” va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyillar asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tamoyillarning institutsionallashuvi davlat amaldorlari va fuqarolar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va tizimli muloqot mexanizmini shakllantirishga, aholi muammolarini samarali hal qilishga hamda qarorlar qabul qilish jarayonlarida fuqarolar fikrini inobatga olinishiga zamin yaratdi.

Bu jarayonda oshkoralikni taʼminlash mexanizmlari mustahkamlanib, fuqarolar ishtirokini kengaytirish boʻyicha tashabbuslar joriy etilganligi hamda davlat va jamiyat oʻrtasidagi muloqot kuchaytirilganligi qayd etildi. Darhaqiqat, soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida qonun loyihalarini muhokama qilish uchun raqamli platformalar yaratilib, ochiq budjet dasturlari joriy etildi va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlandi.

Muloqotlar davomida Eldor Tulyakov Oʻzbekiston hamisha demokratik boshqaruv modelini yanada rivojlantirish, eng yaxshi xorijiy tajribalarni joriy etish, shuningdek, milliy va xalqaro darajada fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali muloqot oʻrnatishga intilishini alohida taʼkidladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati