• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Jahon parlamentarizmi rivoji yoʻlida
2264 | 01 Apr. 2025 y.

Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori

 

Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoq — dunyoda shu yoʻnalishdagi eng yirik va nufuzli tashkilot sifatida global siyosiy jarayonlarda muhim oʻrin egallab kelmoqda. 1889-yilda asos solingan ushbu tuzilmaga ayni paytda 181 ta milliy va 15 ta mintaqaviy parlament aʼzo boʻlib kirgan.

Bu tashkilot nafaqat parlamentlar oʻrtasida muloqot va hamkorlik uchun samarali maydon, balki inson huquqlari, gender tenglik, iqlim oʻzgarishi, yoshlar masalalari kabi global muammolarga vakillik organlari orqali yechim topishga qaratilgan muhim siyosiy platforma hamdir. BMT bilan uzviy hamkorlik qiluvchi mazkur tashkilot faoliyati dunyo parlamentlarini umumiy qadriyatlar atrofida jipslashtirishga qaratilgan.

Shu nuqtayi nazardan, Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi Toshkent shahrida oʻtkazilayotgani Oʻzbekistonning xalqaro siyosiy maydondagi mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Bu — mamlakatimizning xalqaro siyosiy xaritadagi oʻrni, global jarayonlardagi maqomi tobora yuksalayotganining amaliy tasdigʻidir.

Nufuzli tashkilotning yubiley Assambleyasini Toshkentda oʻtkazish — sharaf bilan birga masʼuliyat hamdir. Bugungi kunga kelib, 107 davlatdan 1100 dan ortiq delegatlar, 46 ta parlament spikerlari va 63 ta xalqaro tashkilot vakillari ushbu tadbirda ishtirok etishini tasdiqlagan. Prezidentimizning maxsus qarori asosida tashkilotchilik ishlariga barcha masʼul idoralar, parlament, hukumat va jamoat tashkilotlari jalb etildi. Xavfsizlik, infratuzilma, axborot siyosati, madaniy dasturlar va targʻibot faoliyati xalqaro standartlarga muvofiq yoʻlga qoʻyildi.

Bunday keng koʻlamdagi tadbir ilk bor yurtimizda oʻtkazilmoqda va u yangi Oʻzbekiston islohotlari xalqaro maydonda yetarlicha eʼtirof etilayotganining yorqin dalilidir.

Assambleyaning bu yilgi mavzusi — “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” deb belgilandi. Mazkur mavzu parlamentlar endi faqat qonun qabul qiluvchi emas, balki ijtimoiy oʻzgarishlarni amalga oshiruvchi — kambagʻallikni qisqartirish, teng imkoniyatlar yaratish, inson qadrini ulugʻlashda tashabbuskor siyosiy subyekt sifatida qaralishi kerakligini anglatadi. Bu mavzudagi muhokamalar dunyo parlamentlari oʻrtasida oʻzaro tushunish va umumiy yechimlar ishlab chiqish imkoniyatini kengaytirishi muqarrar. Assambleyada ijtimoiy himoya, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirishga oid masalalar atroflicha muhokama etiladi.

Assambleya kun tartibi tinchlik va xavfsizlik, inson huquqlari, iqlim oʻzgarishi, yoshlar va ayollar faolligi, qurolli mojarolar taʼsiri, BMT bilan hamkorlik kabi dolzarb yoʻnalishlarni qamrab oladi. Asosiy sessiyada ijtimoiy taraqqiyot va adolat mavzusida umumiy siyosiy muhokama oʻtkaziladi. Shuningdek, IPU qoʻmitalarining hisobotlari, rezolyutsiya loyihalari muhokamasi va qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Xususan, Falastindagi vaziyat boʻyicha ikki davlatli yechimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan siyosiy bayonot va tinchlik tashabbuslari muhokama markazida boʻladi. Yoshlar forumi, ayol deputatlar uchrashuvi, sunʼiy intellekt, bolalar huquqlari va iqlim masalalari boʻyicha alohida tadbirlar ham oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi nafaqat jahon parlamentarizmi rivojida muhim bosqich, balki inson qadrini ustuvor qoʻyadigan yangi siyosiy yoʻnalishning boshlanishi hamdir. Assambleyada qabul qilinadigan hujjatlar — deklaratsiya va rezolyutsiyalar XXI asrdagi parlament faoliyati uchun amaliy “yoʻl xaritasi” boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekiston ushbu global siyosiy jarayonlarda faol ovoz sifatida emas, balki yangi ovoz yaratuvchi mamlakat sifatida oʻzini namoyon qilayotir. Toshkent esa dunyo parlamentlari uchun yangi muloqot markaziga aylanmoqda.

 


0
Похожие новости