• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
ADOLAT SARI HARAKATDA MUHIM TAYANCH
2241 | 09 Apr. 2025 y.

Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori

Toshkentda oʻtkazilayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Majlisi — bu faqat parlamentlar tarixi uchun nishonlanayotgan sana emas. Bu — ijtimoiy taraqqiyot va adolatni taʼminlashda davlat institutlari hamda fuqarolik jamiyatining umumiy masʼuliyatini yana bir bor tasdiqlashdir. Bugungi oʻzaro bogʻliq dunyoda bu maqsadlarga faqat qonunchilik yoʻli bilan erishib boʻlmaydi — ular hayot tarziga aylanishi, jamiyatning barcha darajalarida amalga tatbiq etilishi va his etilishi shart.

Oʻzbekistonda demokratik muhit bosqichma-bosqich shakllanmoqda. Konstitutsiyaviy islohotlar mahalliy kengashlarning vakolatlarini kengaytirib, parlament nazoratini kuchaytirdi. Eng muhimi, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini kengaytirdi va avval chetda qolgan aholi qatlamlariga oʻz ovozini eshittirish imkonini berdi. Bu yutuq — parlamentlar va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi hamkorlikning kuchini tasdiqlovchi yorqin misoldir.

Biroq ijtimoiy adolat faqat ishtirok etish imkoniyati bilan emas, balki tenglikka erishish orqali taʼminlanadi. Haqiqiy adolat sud zallaridagina emas, balki barchani qamrab oluvchi taʼlim, sifatli tibbiyotga yetarli imkoniyat, gender tengligi va ehtiyojmand toifalarni qoʻllab-quvvatlash orqali namoyon boʻladi. Qonunchilik tizimi imkoniyatlar tengligini taʼminlash va inson qadrini himoya qilish vositasiga aylanishi lozim.

Ochiqlik va javobgarlik — adolat sari harakatda asosiy tayanchlardir. Oʻzbekistondagi islohotlar fuqarolik nazorati va ochiq maʼlumotlar siyosatiga katta ahamiyat qaratmoqda. Biroq, institutsional ishonch faqat parlamentlar, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari oʻrtasidagi hamkorlik orqali mustahkamlanadi. Biz birgalikda halollik va jamoat ishonchi madaniyatini shakllantirishimiz kerak.

Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro maydonlar umumiy oʻrganish va birgalikda harakat qilish uchun kuchli platformadir. Ular bizga qiyinchiliklar — kambagʻallik, tengsizlik yoki iqlim oʻzgarishi — davrida biror mamlakat yolgʻiz harakat qilishi mumkin emasligini eslatib turadi. Barqaror rivojlanish maqsadlarini chegaralardan oshgan hamkorlik orqali roʻyobga chiqarish orqali biz ijtimoiy adolatning har bir xonadonga yetib borishini taʼminlay olamiz. Bu — xalqaro hamkorlikning salohiyatidir.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi sifatida biz islohotlar jarayonida fuqarolar ovozini kuchaytirishga qatʼiy sodiqmiz. Ilmiy tahlillar, muntazam monitoring, ochiq muloqotlar va samarali targʻibot orqali fuqarolik jamiyatini kuzatuvchi emas, balki inklyuziv boshqaruvning harakatlantiruvchi kuchi va jamoat qadri yaratuvchisi sifatida namoyon qilishni maqsad qilganmiz. Bu faoliyatimiz — parlamentlar va fuqarolik jamiyati hamkorligiga boʻlgan ishonchimizning ifodasidir.

Parlamentlar va xalq oʻrtasidagi aloqani yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasidagi chiqishida taʼkidlaganidek, parlamentlar — xalqlarni birlashtiruvchi doʻstlik koʻprigi, odamlarning muammolarini mahalliydan xalqaro darajagacha koʻtarib, samarali yechim topa oladigan qudratli kuchdir. Adolat — maʼlum bir nuqta emas, balki doimiy taraqqiyotni talab etuvchi umumiy masʼuliyatdir. Biz faqat birgalikda adolatli, inklyuziv va bardoshli jamiyatni bunyod etishimiz mumkin.


1
Похожие новости