• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OʻZBEKISTON FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARI VAKILLARI BELGIYADA

Ayni kunlarda Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat delegatsiya Belgiyaga xizmat safarini amalga oshirmoqda. Delegatsiyaning xizmat safari doirasida turli tadbir va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning Belgiya sobiq Bosh vaziri, Yevropa Kengashining sobiq Prezidenti, Belgiya Davlat vaziri janob Sharl Mishel bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning joriy holati, uni mustahkamlashning dolzarb yo‘nalishlari hamda kelgusidagı imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Xususan, yaqinda Samarqandda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan “Yevropa Ittifoqi –Markaziy Osiyo” birinchi sammitining tarixiy ahamiyati, ushbu formatda muntazam muloqotlar davom ettirilishi va u orqali yuzaga kelayotgan yangi tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Janob Mishel o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va bugungi islohotlarga asoslangan taraqqiyot yo‘lini e’tirof etib, Samarqand shahrida olgan iliq taassurotlari va xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. U mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar, ayniqsa ochiqlik, hamkorlik va barqaror rivojlanishga qaratilgan tashabbuslarni yuqori baholadi.

Mazkur samimiy muloqot Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tobora chuqurlashib borayotganining yana bir dalili bo‘ldi. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli muloqot va hamkorlikni bundan buyon ham izchil rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati