• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“O‘ZBЕKISTON – 2030” STRATЕGIYASI DOIRASIDAGI ISLOHOTLAR POKISTON DЕLЕGATSIYASI E’TIBORIDA

2025 yilning 8 may kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markaziga Pokiston Islom Respublikasi Milliy mudofaa universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Markaz ijrochi direktori o‘rinbosari Nilufar Doniyorxodjayeva samimiy qutlab, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, vazifalari va ustuvor tashabbuslari haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Uchrashuvda Markaz bo‘lim boshlig‘i Farrux Xakimov tomonidan Pokiston delegatsiyasi a’zolari uchun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmuni, ustuvor yo‘nalishlari hamda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Unda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berilib, jumladan, beshinchi ustuvor yo‘nalish – “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi. Xususan, O‘zbekistonning tashqi siyosatini xalq va davlat manfaatlari asosida izchil amalga oshirish, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan do‘stona va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish, an’anaviy hamkorlar va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlash, transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish orqali mintaqalararo hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash borasidagi aniq strategik vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Tadbir davomida, shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratining o‘rni va ahamiyati va bu borada Markaz tomonidan olib borilayotgan monitoring faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Taqdimot yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganligi ta’kidlab o‘tildi. O‘z navbatida, Pokiston Islom Respublikasi Milliy mudofaa universiteti vakillari tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyoti va istiqbolini belgilaydigan muhim hujjat ekanligi alohida e’tirof etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati