• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ISTANBUL SHAHRIDA OʻTKAZILGAN 28-YEVROOSIYO IQTISODIY SAMMITIDA OʻZBEKISTON DELEGATSIYASI ISHTIROK ETDI

2025-yilning 7-8-may kunlari Istanbul shahrida Turkiyaning “Marmara group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi tomonidan 28-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti oʻtkazildi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ravshan Fazilov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori oʻrinbosari Baxtiyor Mustafoyev faol qatnashdi.

Bu yil “Koʻproq insonparvarlikka asoslangan dunyo — yashashga arzigulik dunyo uchun muloqot” shiori ostida boʻlib oʻtgan xalqaro sammitda 50 ga yaqin mamlakatdan 300 dan ortiq siyosatchilar, diplomatlar, olimlar, din arboblari, ishbilarmonlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, akademik doira va tahlil markazlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirning tantanali ochilish qismida Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan tabrik maktublari orqali sammit ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Xalqaro tadbirning “Ekologiya, iqtisodiyot, energetika, sunʼiy intellekt va sogʻlom turmush” mavzusida boʻlib oʻtgan sessiyasida Markaz rahbari Eldor Tulyakov Oʻzbekistonning iqtisodiy va investitsiya salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ushbu yoʻnalishda belgilangan maqsadlarga bagʻishlangan maʼruza bilan chiqish qildi.

E.Tulyakov oʻz nutqida mamlakatimizning savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar boʻyicha faol mintaqaviy markaz sifatidagi oʻrni hamda serqirra investitsion muhitini namoyish etish orqali mintaqa va jahon miqyosida kengayib borayotgan roliga alohida eʼtibor qaratdi.

«Oʻtgan yetti yil davomida Oʻzbekiston qatʼiy va keng qamrovli islohotlar yoʻlidan borar ekan, mamlakatimiz ochiq, bozor iqtisodiyotiga asoslangan tizimga oʻtdi. Bu jarayonida shaffoflik, samaradorlik va kelajakka qaratilgan boshqaruv tamoyillariga sodiq qolindi.

Oʻzbekiston shunchaki ochilayotgani yoʻq — u Markaziy Osiyoning yangi iqtisodiy markaziga aylanmoqda.

Asosiy qismini yoshlar tashkil etuvchi 37,6 million aholisi va Yevropa, Osiyo hamda Yaqin Sharq chorrahasidagi strategik joylashuvi tufayli Oʻzbekiston nafaqat keng mintaqa, balki undan tashqarida ham kelajakka yoʻnaltirilgan ishonchli hamkor sifatida beqiyos imkoniyatlarga ega», — dedi E.Tulyakov.

Sammitda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar va tahlil markazlari oʻrtasida yangi hamkorlik qirralarini rivojlantirishga qaratilgan hamda dolzarb mavzularga bagʻishlangan sessiyalar, shuningdek, oʻzaro manfaatli, amaliy natijalarga boy qator uchrashuvlar va muloqotlar boʻlib oʻtdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati