• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ISTANBUL SABAHATTIN ZAIM UNIVERSITETI RAHBARIYATI BILAN UCHRASHUV BOʻLIB OʻTDI

Joriy yilning 7-9-may kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida Istanbul shahrida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Turkiyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri – Istanbul Sabahattin Zaim universiteti rektori, professor doktor Ahmet Jevat Ajar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Sabahattin Zaim universiteti rahbariyati, Oʻzbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari ishtirok etishdi.

Muloqot davomida mazkur oliy taʼlim muassasasi bilan oʻzaro hamkorlik masalalari hamda universitetda taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, oʻqish jarayoniga boʻlgan yondashuv va isteʼdodli yoshlarning intilishlari haqida fikr almashildi.

Shuningdek, universitetda oʻzbek madaniyatini targʻib qilish va ommalashtirish maqsadida muntazam ravishda madaniy tadbirlar tashkil etib kelinayotgani alohida eʼtirof etildi. Universitet tomonidan Oʻzbekistonlik talabalarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va qoʻllab-quvvatlash ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz delegatsiyasi vakillari universitetda oʻzbekistonlik talabalar ishtirokida oʻtkazilgan madaniy tadbirda qatnashdi. Soʻzga chiqqanlar tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, taʼlim sohasiga va yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor haqida maʼlumot berishdi.

Tadbirda Turkiyada faoliyat yuritayotgan oʻzbek diasporasi vakillari ham ishtirok etdi. Uchrashuv va madaniy tadbirlar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlash hamda oʻzaro madaniy almashinuvni kuchaytirish yoʻlidagi navbatdagi muhim qadam boʻldi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati