• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“KARYERA KUNI”DA TALABALAR MARKAZ FAOLIYATI BILAN TANISHTIRILDI

Maʼlumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish, zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimini yaratish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish kabi maqsadlar bilan bir qatorda yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ular orasida ishsizlik darajasini kamaytirish borasida ham aniq natijalarga erishish ko‘zda tutilgan. 

Jumladan, yosh kadrlarga munosib sharoitlar yaratish orqali 2030-yilgacha 400 ming nafar yoshlarning bandligini taʼminlash va muammolarini hal etishga erishish, yoshlar orasidagi ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Joriy yil 20-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” fakulteti talabalari uchun o‘tkazilgan “Karyera kuni” ham yuqoridagi vazifalarning ijrosini taʼminlashga qaratildi.

Ushbu tadbir universitet bitiruvchilari va talabalari uchun o‘z kasbiy yo‘nalishlarini aniqlash, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish va mehnat bozoridagi dolzarb talablar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.

Tadbirda 50 dan ziyod davlat va nodavlat tashkilotlar, xususiy kompaniyalar, shuningdek, xorijiy va xalqaro institutlar vakillari, JIDU faoliyati, uning bitiruvchilari salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari ham “Karyera kuni”da faol ishtirok etib, nodavlat va tahliliy tuzilmalarda o‘z kasbiy faoliyatini boshlashga qiziqish bildirgan yoshlar uchun Markaz faoliyatiga oid maʼlumotlarni taqdim etishdi.

Tadbirda talabalar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot va stajirovka dasturlari haqida batafsil so‘z yuritildi. Bunda talabalar o‘z rezyumelarini mutaxassislarga taqdim etish, suhbatdan o‘tish bo‘yicha tajriba orttirish va ishga joylashish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni mustahkamlash imkoniga ega bo‘lishdi.

Taʼkidlash kerakki, bunday tadbirlar taʼlim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh mutaxassislarning bandligini taʼminlash hamda ularning kasbiy faoliyatga muvaffaqiyatli kirib borishlariga ko‘maklashishga xizmat qiladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati