• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

POLSHANING TORUN SHAHRIDA “OʻZBEKISTON KUNI” BOʻLIB OʻTDI

Polshaning Torun shahrida boʻlib oʻtgan XII Xalqaro Osiyo kongressi doirasida mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi tomonidan Nikolay Kopernik nomidagi universitetda biznes-forum va “Oʻzbekiston kuni” tadbiri tashkil etildi.

Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakov, Oliy sud raisi oʻrinbosari, iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi Shuhrat Polvonov, Oʻzbekiston Respublikasining Polsha Respublikasidagi еlchisi Amirsaid Agzamxodjayev hamda oʻzbek ishbilarmon doiralari vakillari, Polsha tomonidan esa Taraqqiyot va texnologiyalar vazirligi, Polsha investitsiyalar va savdo agentligi, “Polsha-Osiyo” savdo palatasi, Kuyaviya-Pomeraniya voyevodligi marshal idorasi, Torun shahar meri rahbariyati, hududiy savdo-sanoat palatasi hamda “Equnico”, “Polpharma”, “Torun Direct”, “Alsal”, “ControlTec”, “Trans-Rach” kabi nufuzli kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatiga bagʻishlangan taqdimotda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori E. Tulyakov mamlakatimizda “Oʻzbekiston – 2030”  strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, polshalik va yevropalik hamkorlar uchun istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlari, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, hududlararo hamkorlikning rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida maʼlumot berdi.

Tadbir doirasida Nikolay Kopernik nomidagi Torun universitetida “Oʻzbekiston kuni” tashkil etildi. Unda mamlakatimizning milliy va madaniy merosi, savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy salohiyati namoyish etildi. Shuningdek, koʻrgazmalar, taqdimotlar, muhokamalar va “Ibrat” filmining namoyishi boʻlib oʻtdi.

Ushbu tashabbus Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasida yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga va sohaviy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi, deb umid qilamiz.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati