• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

POLSHALIK HAMKORLAR BILAN “MARKAZIY OSIYO – YEVROPA ITTIFOQI” SAMMITI YAKUNLARI MUHOKAMA QILINDI

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 21–23-may kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi xizmat safari bilan Polshada boʻldi. Xizmat safari doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi delegatsiya vakillari polshalik hamkorlar bilan qator uchrashuv va muloqotlar oʻtkazdi.

Jumladan, “Polsha – Sharq hamkorligi jamiyati”da Samarqandda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti yakunlariga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Davra suhbatini “Polsha – Sharq hamkorligi jamiyati” prezidenti Jozef Brill kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Shundan soʻng, Markaz rahbari E.Tulyakov joriy yil 3–4-aprel kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitining asosiy yakunlari, erishilgan kelishuvlar va ularni amalga oshirish istiqbollari, xususan, Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini kengaytirish masalalari yuzasidan taqdimot oʻtkazdi.

Muhokamalarda polshalik ekspertlar tomonidan savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik, Oʻzbekistonning eksport salohiyati, Yevropa bozorlariga tovarlarni yetkazib berish yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish masalalariga katta qiziqish bildirildi.

Davra suhbatida, shuningdek, Oʻzbekistonning konstruktiv mintaqaviy siyosati, Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlari hamda xalqaro maydonda olib borayotgan faol tashqi siyosiy faoliyati mamlakatning nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilayotgani yuqori baholandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati