• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Tahliliy markazlar – zamonaviy diplomatiyaning ajralmas va intellektual poydevori
3445 | 06 Avg. 2025 y.

 

Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori

Bugungi murakkab va koʻp qutbli xalqaro munosabatlar sharoitida transmilliy diplomatiyaning ahamiyati ortib borishi bilan birga, uni amalga oshiruvchi subyektlar doirasi ham kengaymoqda. Rasmiy davlat organlari bilan bir qatorda, notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doiralar va tahliliy markazlar xalqaro muloqot va siyosiy jarayonlarning ajralmas ishtirokchisi sifatida shakllanmoqda. Ular siyosiy-iqtisodiy tahlil, strategik bashorat, fikr yetakchiligi va ekspertlar oʻrtasidagi muloqotlar orqali davlat manfaatlarini ilgari surish, tashqi siyosatni shakllantirish va xalqaro jamoatchilikda ijobiy imijni mustahkamlashda muhim oʻrin egallamoqda.

Tahliliy markazlar faoliyatining shakli va institutsional tuzilishi turli mamlakatlardagi huquqiy muhitga qarab farq qiladi. Ayrimlari toʻliq mustaqil nodavlat tashkilotlar boʻlib, boshqalari oliy taʼlim muassasalariga bogʻliq yoki davlat organlari bilan hamkorlikda ishlaydi. Bu xilma-xillik ularning mustaqilligi, qaror qabul qilish jarayonlariga kirish imkoniyati va jamiyatdagi obroʻsiga taʼsir koʻrsatadi.

AQSHdagi Brookings Institution va Carnegie Endowment for International Peace, Yevropadagi Chatham House va German Marshall Fund kabi nufuzli markazlar tashqi siyosat shakllanishida va mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida sezilarli oʻrin tutadi.

Tahliliy markazlar, ayniqsa, “ikkinchi trek” diplomatiyasida, yaʼni davlat idoralari ishtirokisiz amalga oshiriladigan norasmiy muzokaralar va muloqotlarda muhim rol oʻynaydi. Ular xalqaro anjumanlar, ekspertlar uchrashuvlari, tahliliy nashrlar va fikr almashinuvlari orqali ishonch muhitini shakllantiradi, ziddiyatli sharoitlarda diplomatik muzokaralarga zamin yaratadi. Ayniqsa, rasmiy diplomatiya cheklangan yoki siyosiy sezgirlik talab qilgan vaziyatlarda ular tinchlik oʻrnatish va hamkorlikni rivojlantirishda vositachi vazifasini bajaradi.

Bundan tashqari, tahliliy markazlar “yumshoq kuch” (soft power) siyosatining muhim vositasiga aylanib bormoqda. Joziba va ishontirishga asoslangan “yumshoq kuch” vositasida davlatlar oʻz qiymat va manfaatlarini xalqaro miqyosda targʻib etadi, ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi. Tahliliy markazlar ushbu jarayonda jamoatchilik bilan muloqot, dalillarga asoslangan tahlil, xalqaro forumlarda qatnashish va fikr yetakchiligi orqali faol ishtirok etadi.

“Yumshoq kuch” konsepsiyasining asoschisi sifatida tan olingan amerikalik siyosatshunos Jozef Nay tahliliy markazlarni global taʼsir vositasi sifatida alohida eʼtirof etib, “Yumshoq kuch”, bu – boshqalarni oʻz xohishingizga koʻndira olish qobiliyati. Bu jarayonda tahliliy markazlar muhim vositachidir”, deya taʼkidlaydi. Pensilvaniya universiteti professori Jeyms MakGan esa tahliliy markazlarni “davlat va jamiyat oʻrtasidagi intellektual koʻprik” deb atab, ularning siyosiy qaror qabul qilishdagi oʻrniga eʼtibor qaratadi.

Oksford universiteti professori Dayan Stoun esa tahliliy markazlarni “global siyosatda siyosat transferi va ilgʻor gʻoyalar almashinuvining strategik subyektlari” sifatida tavsiflaydi. Ushbu fikrlar tahliliy markazlarning transmilliy diplomatiyadagi intellektual poydevor sifatidagi rolini yanada oydinlashtiradi.

Aslida tahliliy markazlar tashqi siyosat sohasida bir qator muhim vazifalarni amalga oshiradi. Ular qaror qabul qiluvchi doiralarni strategik tahlil va tavsiyalar bilan taʼminlaydi, xalqaro forumlar va ilmiy muloqotlar orqali davlatlar oʻrtasida ishonch muhitini shakllantiradi, axborot makonida milliy manfaatlarni ilgari suradi. Diplomatlar uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etadi va “ikkinchi trek” diplomatiyasi orqali rasmiy muzokaralarni toʻldiruvchi samarali muloqot platformalari sifatida xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda ham tahliliy markazlar tashqi siyosatni amalga oshirishda tobora muhim va taʼsirli ishtirokchiga aylanmoqda. 2017-yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq va koʻp vektorli diplomatiya strategiyasi doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi kabi tahliliy tuzilmalar mamlakatning xalqaro siyosiy pozitsiyasini ilmiy va tahlillar asosida mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ular Samarqanddagi “SHHT kelajagi” forumi, YEI – Markaziy Osiyo muloqotlari, Xitoy, Koreya Respublikasi va Gʻarbiy Osiyo davlatlari bilan strategik hamkorlik platformalarida faol ishtirok etmoqda.

Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi soʻnggi uch yilda 180 dan ortiq xalqaro va xorijiy tashkilot bilan hamkorlik oʻrnatib, 80 dan ziyod anglashuv memorandumlarini imzoladi. 2022–2024-yillar mobaynida 446 ta xalqaro tadbirni amalga oshirdi. Markazning Germaniyadagi Konrad Adenauer Stiftung va Friedrich Ebert Stiftung kabi xalqaro hamkorlari yoki Italiya, Belgiya va Xitoy kabi davlatlardagi bir qator hamkorlari bilan olib borgan ilmiy va siyosiy tadbirlari Oʻzbekistonning “yumshoq kuch” salohiyatini oshirish va intellektual nufuzini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Xulosa qilib aytganda, tahliliy markazlar zamonaviy diplomatiyaning ajralmas va intellektual poydevoriga aylanmoqda. Ular faqat maslahatchi tuzilmalar emas, balki tashqi siyosatni amalga oshirishda strategik sherik, taʼsirli agent va davlat – jamiyat – jahon hamjamiyati oʻrtasidagi intellektual koʻprik vazifasini bajaradi. “Ikkinchi trek” diplomatiyasi, “yumshoq kuch” siyosati, maqsadli tahlil, xalqaro axborot makonidagi raqobat va qaror qabul qilish jarayonidagi ekspertlik ishtiroklari ularning faoliyati mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

Oʻzbekiston uchun tahliliy markazlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlik tarmoqlariga kengroq integratsiyalash va ularni tashqi siyosatning institutsional ustuni sifatida rivojlantirish kelgusida mamlakatning intellektual nufuzi va diplomatik manevr qobiliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Tahliliy markazlar davlatlar oʻrtasidagi muloqotni chuqurlashtirish, gʻoyalar almashinuvini ragʻbatlantirish va transmilliy hamkorlikni mustahkamlashda yanada muhim geosiyosiy resursga aylanishi shubhasiz.

 


1
Похожие новости