• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi: Adolatga olib boruvchi islohotlar
1657 | 23 Sen. 2025 y.

Insonni ulugʻlash, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilish eng oliy qadriyat. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish masalasi ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirib berdi:

– Inson huquqlari haqida soʻz borar ekan, bu borada, eng avvalo, sud tizimi haqida toʻxtalish kerak. Chunki, sudlar bu huquqni amalda taʼminlovchi muhim institut hisoblanadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada sud organlari fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil organ sifatida belgilangan. Jumladan, 136-moddada sudyalar mustaqilligi, ularning faqat Konstitutsiya va qonunga boʻysunishi hamda faoliyatiga har qanday aralashish taqiqlanishi belgilab qoʻyildi.

Ushbu norma sudyalarning adolatli va xolis qaror qabul qilishini taʼminlab, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda, qonun ustuvorligini taʼminlashda hamda sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini mustahkamlashda muhim konstitutsiyaviy asos boʻlib xizmat qiladi.

Aytib oʻtish kerakki, 2023-yilda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga qaratilgan 2023-2026-yillarga moʻljallangan Strategiya va Harakatlar dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dasturda “Xabeas korpus” institutini keng joriy etish, sudyalar ixtisoslashuvini kengaytirish, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish, yagona sud amaliyotini taʼminlash va sud hokimiyatining nufuzini yuksaltirish kabi ustuvor vazifalar, shuningdek, ularni amalga oshirish mexanizmlari va masʼul organlar koʻrsatib berildi.

Prezidentning 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan joriy yil 1-yanvardan buyon tuman, shahar sudlarida tergov sudyalari faoliyat yurita boshladi. Shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yuritish jarayonida protsessual qarorlarga sanksiya berish vakolati alohida sudya – tergov sudyalari tomonidan amalga oshirilishi tartibi joriy etildi.

Bugungi kunda sudlar faoliyatini raqamlashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, hozir odamlar ilgarigidek sud eshigi oldida soatlab kutib oʻtirmaydi. Sudlarga masofadan murojaat qilish, videokonferensaloqa orqali majlislarda ishtirok etish, ishlarni avtomatik taqsimlash va sud qarorlarini internet orqali olish imkoniyati yaratildi.

https://exsud.sud.uz hamda “my.sud.uz” portali orqali masofaviy eshituvlar va elektron ariza topshirish, toʻlovlarni amalga oshirish va sud qarorlarini onlayn tarzda olish xizmatlari sudga murojaat jarayonini yanada qulay va shaffof qildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Oliy sudi tomonidan my.sud.uz portali orqali “sudga elektron murojaat yuborish”, “sudga murojaat namunalari”, “davlat boji kalkulyatori”, “elektron toʻlov tizimi”, “sud qarorlarini onlayn olish” kabi interaktiv xizmatlarning yoʻlga qoʻyilgani fuqarolar uchun sudga murojaat qilish jarayonini qulay va shaffof qilib, adolatli sudlovga erishish imkonini yengillashtirdi.

Mamlakatimizda investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida Oliy sud tarkibida investitsiya nizolari hamda raqobat qonunchiligiga oid ishlarni koʻrib chiqish uchun maxsus sud hayʼati tashkil etildi. Bu tashabbus mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xalqaro biznes hamkorlar uchun qonuniy kafolatlarni mustahkamlash va iqtisodiy munosabatlarda adolatli raqobat tamoyillarini taʼminlashda muhim qadam hisoblanadi.

“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilishni kuchaytirish maqsadida sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qator ustuvor vazifalar belgilangan. Jumladan, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qoʻllash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish orqali shaxsning erkinlik huquqini kengroq taʼminlash, sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish orqali fuqarolarning odil sudlovga tezkor va samarali yetib borish imkoniyatini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, maʼmuriy sudlarga bevosita murojaat qilishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni toʻliq bartaraf etish fuqarolarning davlat organlari qarorlari ustidan erkin shikoyat qilish huquqini taʼminlaydi. Sud tizimini boshqarishda sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari tizimini shakllantirish esa sudyalar mustaqilligini mustahkamlab, inson huquqlari ustuvorligi va adolatli sudlov prinsiplarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Tizimda olib borilgan mazkur islohotlar tufayli soʻnggi uch yilda sudlangan shaxslarning 70 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlandi. Uch mingga yaqin fuqaro esa oqlandi. Jazo muddatini oʻtayotgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy kirgan uch mingdan ziyod yurtdoshimiz afv etildi. Bu esa, mamlakatimiz sud-huquq tizimlarida koʻrilayotgan har bir ishda insonparvarlik, bagʻrikenglik tamoyillari amalda ekanining amaliy ifodasidir.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 84-maqsadida sudlar faoliyatini raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, xususan, sudlar jarayoniga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilangan.

Shu oʻrinda aytish joizki, Prezidentimiz tomonidan yaqinda, yaʼni joriy yil 21-avgustda qabul qilingan “Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorda sohaga sunʼiy intellektni tatbiq etish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

Unga koʻra, sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan voz kechilib, “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishi bosqichma-bosqich toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi. Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etilib, sudga ariza berishdan oldin sunʼiy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi. Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi.

“Raqamli sud” konsepsiyasi asosida 2025-yil yakuniga qadar Toshkent shahrida iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy nizolarni koʻrishga moʻljallangan sud majlislari tajriba tariqasida oʻtkaziladi.

Prezidentimizning mustaqilligimizning oʻttiz toʻrt yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida ham sud-huquq sohasidagi islohotlarga toʻxtalib, “Biz odil sudlovga erishish uchun sud ishlarini toʻliq raqamlashtirish, inson omilini kamaytirib, sunʼiy intellektdan keng foydalanish borasida faol ish olib bormoqdamiz. Iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha sud binosiga borib oʻtirishga hojat qolmaydi – taraflar sudda onlayn ishtirok etadi, sudlarda ochiqlik, oshkoralik taʼminlanadi. Qisqacha aytganda, mamlakatimiz “raqamlashgan va adolatli sud davri” ostonasida turibdi” deya taʼkidlagani zamirida ham yuqorida qayd etilgan amaliy ishlar yotibdi.

Bu demokratik jamiyat barpo etish yoʻlidan ketayotgan Oʻzbekistonda sud-huquq sohasi ustuvor ekani va doimo shunday boʻlib qolishidan dalolatdir.

OʻzA

 


0
Похожие новости