• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

FINLYANDIYANING DAVLAT XIZMATINI RIVOJLANTIRISH BOʻYICHA ILGʻOR TAJRIBALARI OʻRGANILDI

Yevropa mamlakatlarida davlat boshqaruvi hamda mahalliy hokimiyat tizimini tashkil etish boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish yuzasidan bir guruh ekspertlardan iborat Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Finlyandiyada boʻldi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori moliyaviy koʻmagida tashkil etilgan mazkur tashrif doirasida oʻzbekistonlik mutaxassislar Finlyandiyadagi qator tashkilot va idoralarda boʻlib, u yerdagi mahalliy davlat boshqaruvi va jamoat xizmati tizimini takomillashtirishga doir ilgʻor tajribalar bilan yaqindan tanishdi.

Finlyandiya shahar va munitsipalitetlar uyushmasi (AFCM)da uchrashuv

Delegatsiya aʼzolari Finlyandiya shahar va munitsipalitetlar uyushmasi (AFCM) Xalqaro aloqalar boʻyicha menejeri Laura Parsama bilan uchrashdi. Uyushmaning mahalliy boshqaruvni rivojlantirishdagi vazifalari, munitsipalitetlar manfaatlarini himoya qilish va jamoatchilik muhokamalari hamda qarorlar qabul qilish jarayonlarida yagona pozitsiyani taʼminlashdagi roli muhokama etildi.

– Finlyandiya shahar va munitsipalitetlar uyushmasi faoliyatiga oid taqdimot davomida uning shahar va tumanlardagi tashkilot va idoralarga uslubiy, huquqiy hamda tashkiliy koʻmak koʻrsatishi haqida maʼlumotga ega boʻldik, – deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Uyushma Xelsinki va Bryusseldagi idoralari orqali milliy va Yevropa darajasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlib, idoralarga uslubiy, huquqiy va tashkiliy jihatdan samarali yordam koʻrsatib kelmoqda. Bu biz uchun oʻrganishimiz kerak boʻlgan tajribadir. Yaqinda Oʻzbekistonda ham shunga oʻxshash uyushma tuzilishi rejalashtirilayotganini inobatga olib, Finlyandiya tajribasini amalda qoʻllash masalalariga alohida eʼtibor qaratdik.

Finlyandiya Respublikasi Moliya vazirligida uchrashuv

Delegatsiya aʼzolari Moliya vazirligi huzuridagi “Farovonlik xizmatlari hududlarini boshqarish” boʻlimi (Department for Steering of Wellbeing Services Counties) bosh maslahatchisi Markku Myollyari bilan muloqot qildi.

Suhbat chogʻida mahalliy va mintaqaviy oʻzini oʻzi boshqarishning konstitutsiyaviy va qonunchilik asoslari, munitsipalitetlar hamda “Farovonlik xizmatlari hududlari” oʻrtasidagi vakolat taqsimoti koʻrib chiqildi. Moliya vazirligining mahalliy soliqlar va davlat grantlarini muvofiqlashtirish orqali markaziy va mahalliy hokimiyat oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishdagi oʻrni, demokratik hisobdorlik, fuqarolar ishtirokini taʼminlash, moliyaviy barqarorlikni monitoring qilish va xavflarni oldindan aniqlash mexanizmlari yuzasidan axborot berildi.

Shuningdek, ijtimoiy va sogʻliqni saqlash sohalarida amalga oshirilgan islohotlar — funksiyalarni hududiy darajada jamlash, raqamli xizmatlarni kengaytirish, xizmat sifatini tenglashtirish boʻyicha dastlabki natijalar va yangilanadigan meʼyoriy-huquqiy asoslar muhokama etildi. Mazkur tajriba Oʻzbekistonda aholi manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali va hisobdor mahalliy boshqaruvni shakllantirishga amaliy hissa qoʻshishi taʼkidlandi.

Xelsinki shahar hokimiyatidagi uchrashuv

Delegatsiya aʼzolari Xelsinki shahar ijroiya boshqarmasi (City Executive Office) Maʼmuriy jarayonlar direktori Antti Peltonen bilan uchrashuvda shahar boshqaruvining strategik tuzilmasi, shahar kengashi va shahar boshqarmasi (City Board)ning vakolatlari, byudjet jarayonlari hamda nazorat mexanizmlari haqida maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Xelsinki shahar kengashi 85 nafar aʼzodan iborat boʻlib, har toʻrt yilda saylanadi; u strategiya, byudjet, soliq stavkalari va rivojlanish rejalarini tasdiqlaydi, yigʻilishlar ochiq oʻtkazilib, jonli efirda namoyish etiladi. 15 nafar aʼzodan iborat shahar boshqarmasi mer va toʻrt nafar oʻrinbosar rahbarligida shaharning kundalik faoliyatini taʼminlaydi. 684 ming nafar aholi va 38 mingdan ortiq xodimga ega Xelsinki 2025–2029-yillarga moʻljallangan strategiyasida ochiqlik, fuqarolar ishtirokini kengaytirish, shuningdek raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosida xizmatlar samaradorligini oshirishni ustuvor yoʻnalish qilib belgilagan.

HAUS Davlat boshqaruvi institutida uchrashuv

Davlat ulushiga ega HAUS Davlat boshqaruvi instituti 50-yildan ortiq tajribaga ega boʻlib, davlat xizmatini rivojlantirish, strategik rahbarlik, inson resurslari boshqaruvi va sifat menejmentini joriy etish boʻyicha yetakchi oʻquv markazi hisoblanadi.

U yerda oʻtkazilgan uchrashuvda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, barqaror liderlikni rivojlantirish, islohotlarni amalga oshirishda inson omilini kuchaytirish va ilgʻor boshqaruv usullarini amaliyotga joriy etish masalalari muhokama etildi. Ayniqsa, HAUS instituti vakillari tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirayotgan loyihalar va kelgusida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish borasidagi saʼy-harakatlar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashrif natijalari

Tashrif yakunlariga koʻra, Finlyandiyada mahalliy kengashlar proporsional saylov tizimi asosida shakllantirilishi, munitsipalitetlarni qoʻshish orqali yiriklashtirish siyosati izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.

– Finlyandiya tajribasini kuzatdikki, ularda hokim odatda mahalliy kengashda gʻolib boʻlgan partiyadan koʻrsatilar ekan, – deydi Eldor Tulyakov. – Moliya vazirligi kommunal sohalar faoliyati va moliyasi ustidan umumiy muvofiqlashtiruvchi nazoratni amalga oshiradi. Mahalliy kengashlarga boʻysunuvchi hududiy hisob (audit) palatalari va qoʻmitalari faoliyat yuritadi. Yoshlar, keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslar masalalari boʻyicha alohida kengashlar tashkil etilgan. Deputatlarga sessiyalarda ishtirok etgani uchun toʻlov va yil yakuni boʻyicha ragʻbatlantirish puli beriladi. Mahalliy kengash tarkibidagi siyosiy partiyalarga esa har bir deputat hisobidan yiliga taxminan 3 ming yevrodan moliyaviy mablagʻ ajratilishi Finlyandiya tajribasining oʻziga xos jihati hisoblanadi. Umuman olganda, oʻrganilgan bilim, koʻnikma va tajribalar Oʻzbekistonda mahalliy boshqaruvni takomillashtirish, davlat xizmatining samaradorligini oshirish hamda aholi manfaatiga yoʻnaltirilgan ochiq va hisobdor boshqaruvni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarga muhim amaliy hissa qoʻshadi, deb oʻylaymiz.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati