• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
IQLIM OʻZGARISHIGA QARSHI KURASHISH BOʻYICHA MUHIM TASHABBUSLAR
2877 | 08 Okt. 2025 y.

Oʻzbekiston global tashabbuslar orqali “yashil kelajak” sari qatʼiy qadamlar tashlamoqda

Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Ijrochi direktori

 

Bugungi dunyoda ekologik muammolarni bartaraf etish har qachongidan koʻra dolzarb masalaga aylandi. Tabiiy resurslar tanqisligi, iqlim oʻzgarishi, choʻllanish va suv yetishmovchiligi global muammolarga aylanib, faqatgina bir davlat emas, balki butun mintaqa, insoniyat manfaatlariga daxldor masalalarni kun tartibiga olib chiqmoqda.

Ayniqsa, bu borada Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi qatʼiy pozitsiyasi va xalqaro maydondagi faol tashabbuslari, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) minbaridan ilgari surgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan katta eʼtirofga sazovor boʻlmoqda.

Qayd etish joiz, 2017-yildan buyon Oʻzbekiston rahbarining ilgari surgan tashabbuslari asosida BMT Bosh Assambleyasida 13 ta muhim rezolyutsiya qabul qilindi. Jumladan, “Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar hududi” deb eʼlon qilish (2021), “Qurgʻoq hududlarda oʻrmon yaratish” (2024) va “Oʻrmonlashtirish va qayta tiklash boʻyicha BMT oʻn yilligi” (2025) kabi hujjatlar mamlakatning atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishlarida rezolyutsiyalar ham muhim voqelik boʻldi.

2018-yilda BMT shafeligida Orolboʻyining eng muhim muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni taʼminlash boʻyicha koʻp sherikli Trast jamgʻarmasi tashkil etildi.

Prezident BMTning 78 va 80-sessiyalarida “Oʻzbekiston–2030” strategiyasining BRM bilan uygʻunligini taʼkidlab, mamlakat 2030-yilga qadar “daromadi oʻrtadan yuqori” toifasiga kirishni maqsad qilganiga urgʻu berdi hamda bu boradagi saʼy-harakatlar haqida axborot berdi.

2025-yilda Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 73 ball bilan 62-oʻrinni egalladi. Bu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 19 pogʻona yuqorilash hisoblanаdi. Ushbu islohotlar energetika, suv resurslarini boshqarish, taʼlim va ekologik barqarorlik sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasidir.

Qayd etish joiz, “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtish tezlashdi: energetika generatsiyasida qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 30 foizga yetdi. 2030-yilgacha 35 mlrd. dollar investitsiya hisobiga 54 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida nutq soʻzlar ekan, Orol fojiasining salbiy oqibatlari va ularni yumshatish boʻyicha amaliy ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda global isish muammosi kuchayib, yogʻingarchilik kamayayotgan bugungi asrimizda Orol dengizini qutqarish tobora imkonsiz boʻlib bormoqda. Orolning qurib qolgan qismida maydoni 5,5 mln. gektar boʻlgan yangi tuzli choʻl paydo boʻldi. Uning ustida yiliga 90 kundan ortiq chang boʻronlari boʻlib turadi, har yili 100 million tonnadan ortiq chang va zaharli tuzlar atmosferaga koʻp minglab kilometrlarga tarqaladi.

Soʻnggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonga choʻl oʻsimliklari ekildi. Rejaga koʻra, 2030-yilgacha bu hududning 80 foizi “yashil qoplama” bilan qoplanadi.

Orolboʻyida bugun “yashil belbogʻ”lar barpo etilmoqda, ekoturizm yoʻnalishlari ochilmoqda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 milliondan ortiq daraxt va koʻchatlar ekilyapti. Bu — chang boʻronlari, zaharli tuz va aerozollarning minglab kilometrlarga tarqalishini kamaytirish, aholi salomatligini himoya qilish va tuproqning degradatsiyasini toʻxtatishda eng samarali usuldir.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 69-maqsadida Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik muammolarning salbiy taʼsirini yumshatish masalasi qayd etilgan. Uning ijrosi yuzasidan 2022-2025-yillarda quyidagilar amalga oshirildi:

– “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 mln.tup mevali va manzarali daraxtlar ekish yoʻlga qoʻyildi;

– Orolboʻyi mintaqasida ekoturizm marshrutlari ishlab chiqilib, ekolagerlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi;

– “Markaziy Osiyoda transchegaraviy tabiatni muhofaza qilish” mintaqaviy muloqoti tashkil etildi;

– respublika boʻyicha І va ІІ toifaga kiruvchi 189 ta yirik sanoat korxonalari va ularga tutash hududlarda jami 1 907 ming tup manzarali, mevali daraxt va buta koʻchatlari ekish orqali “yashil belbogʻ”lar barpo etildi;

– Orol dengizining qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasida jami

200 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi;

Orolboʻyi mintaqasi hududlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatlarida 215 ming gektar “yashil qoplama”lar himoya oʻrmonzorlari barpo etildi;

– Orol dengizining qurigan tubida oʻtgan davrda 82 million dona choʻl oʻsimliklari koʻchatlari ekildi.

Ushbu tadbirlarni oʻtkazish uchun 7,4 ming tonnadan ortiq saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklari urugʻlari tayyorlandi. 2 ming tonnaga yaqin urugʻlar Moʻynoq tumani aholisi tomonidan tayyorlangan. Oʻrmonlashtirish ishlarini davom ettirish maqsadida har yili kamida 100 gektar maydonda saksovul koʻchatzorlari tashkil etilmoqda.

Bu ishlar nafaqat ekologik barqarorlikni taʼminlash, balki aholi salomatligini himoya qilish va tuproqning degradatsiyasini cheklashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezident yuqori minbardagi chiqishida suv resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi. Nutqda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan Suvni tejash boʻyicha Butunjahon forumini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Prezident taʼkidlaganidek, toza ichimlik suviga yetishmovchilik – bu faqat ekologik muammo emas, balki oziq-ovqat xavfsizligi, sanitariya, energiya taʼminoti va ijtimoiy barqarorlik bilan bogʻliq tizimli inqirozdir.

Ushbu forum doirasida “yoʻl xaritasi” qabul qilinishi rejalashtirilmoqda, u suv muammosini global tahdid sifatida tan olib, aniq mexanizm va yechimlarni nazarda tutadi.

Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga bagʻishlangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 3-yoʻnalishi doirasida 2022-2025-yillarda suv resurslarini tejash borasida qator ishlar amalga oshirilgan.

Tahlillarga koʻra, dunyo aholisining ikki milliarddan ortigʻi toza suvdan mahrum boʻlayotgani “domino effekti” sifatida qator muammolarni keltirib chiqaradi. Bu qishloq xoʻjaligida hosildorlikning pasayishi, sanoat va energetikadagi uzilishlar, aholi oʻrtasida kasallanishlar oʻsishi va majburiy migratsiya kabi yoʻnalishlarda koʻzga tashlanishi mumkin. Markaziy Osiyo kabi suvga yuksak darajada bogʻliq mintaqalarda bu xavfni yanada kengaytirishi mumkin.

Mintaqada kelib chiqishi mumkin boʻlgan ekologik muammolarning oldini olish va ularga barham berish hamda qator global kelishuvlarga erishish boʻyicha mamlakatimiz xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilib kelmoqda. Xususan, shu yilning aprel oyida Birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi oʻtkazilgani fikrimizning dalilidir. Ushbu forumda ham ekologik vaziyatni yaxshilash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga doir qator tashabbuslar ilgari surildi. Har yili Navroʻz arafasida “Markaziy Osiyoning yashil belbogʻi” daraxt ekish aksiyasini yoʻlga qoʻyilishi, Toshkentda YIning “Suv–Energiya–Iqlim” tashabbusi kotibiyatini joylashtirish, mintaqada suv tejovchi texnologiyalar boʻyicha qoʻshma dasturni ishga tushirish, muzliklarni sunʼiy yoʻldosh orqali uzluksiz “Kopernik” monitoringini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Toshkentdagi “Yashil universitet” huzuridagi Iqlim rezidensiyasini mintaqaviy ilmiy-ekspert platformasiga aylantirish kabi tashabbuslar kelgusida global ekologik muammolarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu besh yoʻnalish forum “yoʻl xaritasi”ning amaliy ustunlariga aylansa, mintaqa miqyosida ham, global darajada ham tizimli natija beradi.

Prezidentimiz “iqlim migratsiyasi” masalasiga toʻxtalib: “ekologik oʻzgarishlarning yana bir salbiy koʻrinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Afsuski, ushbu yoʻnalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmagan. Biz bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish boʻyicha Global pakt qabul qilish tarafdorimiz.”, deya taʼkidladilar.

Xalqaro baholashlarga koʻra, dunyoda 3,6 milliard kishi iqlim xavfi yuqori hududlarda yashaydi. Markaziy Osiyoda isish surʼati global oʻrtachadan ikki baravar tez: favqulodda issiq kunlar koʻpaydi, muzliklar maydoni uchdan birgacha qisqardi.

Birgina Amudaryo–Sirdaryo havzalardagi suv taʼminotining pasayishi 2050-yilga borib mintaqaviy YIMga jiddiy zarba berishi mumkin. Bu sharoitda millionlab odamlar ish, suv va qulayroq iqlim izlab koʻchishga majbur boʻladi: 2050-yillarga kelib faqat mintaqa doirasidayoq 2,4 milliongacha inson ichki-mintaqaviy migratsiya oqimiga qoʻshilishi ehtimol.

Shu munosabat bilan Prezident Mirziyoyev iqlim migratsiyasi boʻyicha Global paktni qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu hujjat iqlim sababli koʻchgan shaxslarning huquqiy maqomini aniqlash, davlatlar oʻrtasida yuklamani adolatli taqsimlash va moliyaviy mexanizmlarni shakllantirish kabi masalalarni tartibga solishda muhim rol oʻynashi mumkin.

Oʻzbekistonning amaldagi ishlari, xususan, suvni tejash texnologiyalari, infratuzilmani modernizatsiya qilish, mintaqaviy hamkorlik tashabbuslari — ushbu Pakt uchun tayyor platforma vazifasini bajaradi. Eng muhimi, Pakt inson qadrini himoya qilishni markazga qoʻyadi.

Bugun iqlim migratsiyasi masalasiga kunning dolzarb vazifasi sifatida siyosiy eʼtibor, aniq meʼyorlar va moliyaviy mexanizmlar bilan javob bermasak, ekologik xavflar kun kelib ijtimoiy inqirozga aylanishi mumkin. Shuning uchun ham Global paktni qabul qilish kechiktirib boʻlmaydigan masaladir.

Umuman olganda, Oʻzbekiston ekologik muammolarning oldini olish va barham berish boʻyicha oʻziga xos yondashuvni tanlagan. Bu yondashuv hududiy ekotizimlarni tiklash — Orolboʻyida yashil qoplama va oʻrmonzorlar barpo etish, suvni oqilona boshqarish — suv tejovchi texnologiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish, global sheriklik, insoniy xavfsizlikni taʼminlash — iqlim migratsiyasi boʻyicha Global pakt hamda xalqaro hamkorlik orqali ekologik vaziyatni yaxshilash kabi jihatlarni qamrab oladi.

Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston tabiat bilan uygʻun holda unga moslashmoqda, qonun-qoidalariga amal qilgan holda uni asramoqda. Bugungi saʼy-harakatlar nafaqat davlat siyosati, balki xalqlar, ilm-fan va xalqaro hamjamiyat birlashgandagina oʻzining ijobiy natijasini namoyon etadi.

 

 


0
Похожие новости