• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

XITOYLIK INVESTOR VA TADBIRKORLAR – OʻZBEKISTONDA

Bir guruh xitoylik investor va tadbirkorlarning takliflari hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan ularning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Ushbu tashrif mamlakatimiz va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, investitsiya loyihalarini kengaytirish hamda sanoat sohasida qoʻshma tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan.

Tashrif doirasida xitoylik tadbirkorlardan iborat delegatsiya Toshkent shahridagi ishlab chiqarish va sanoat zonalari bilan tanishish jarayonida mamlakatimizda tadbirkorlar va investorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz va kafolatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrifning dastlabki kunida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligida Oʻzbekistonning investitsiya muhitiga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizdagi investitsiya siyosati, iqtisodiy islohotlar jarayoni va xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlik imkoniyatlari hamda biznes faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun yaratilgan shart-sharoitlar muhokama qilindi. Ushbu uchrashuvda xitoylik ishbilarmon doira vakillari qator sohalarda — sanoat, transport, qurilish, energetika va logistika yoʻnalishlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdilar.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar mahalliy tadbirkorlar va investorlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazib, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashish hamda yangi ishlab chiqarish yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasidagi loyihalar bilan tanishdilar.

Tashrifning keyingi kunida delegatsiya aʼzolari Iqtisodiyot va moliya vazirligida boʻlib, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) yoʻnalishda amalga oshirilayotgan loyihalar, bu boradagi tajriba va istiqbolli yoʻnalishlar haqida maʼlumot oldilar. Ushbu uchrashuv doirasida davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, infratuzilma va ijtimoiy sohada qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligida poytaxtda tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay biznes muhiti, soliq va maʼmuriy yengilliklar, yangi sanoat hududlarini tashkil etish borasidagi ishlar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

Tashrif doirasining muhim qismi sifatida xitoylik tadbirkorlar “Pengsheng” sanoat zonasida boʻlib, u yerdagi ishlab chiqarish infratuzilmasi, logistik imkoniyatlar va yangi sarmoyaviy loyihalar bilan tanishdilar. Mehmonlar sanoat zonasidagi faoliyat samaradorligi va Oʻzbekistondagi qulay investitsiya muhitini yuqori baholadilar.

Qayd etish joiz, xorijlik investor va tadbirkorlarning mamlakatimizga bunday tashriflari nafaqat iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, balki mamlakatlar tadbirkorlari oʻrtasida uzoq muddatli ishonchli sheriklikni yoʻlga qoʻyishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashrif davomida xitoylik tadbirkorlar Buxoro viloyatida ham boʻlib, u yerda investitsiyaviy muhim va tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishadilar.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati