• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“OʻZBEKISTON–2030”: STRATEGIK ISLOHOTLAR TAHLILI VA TAQDIMOTI

Poytaxtimizdagi Xalqaro Nordik universitetida “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi: amalga oshirilayotgan islohotlar tahlili, muammolar va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.

Anjumanda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ekologiya, tashqi siyosat, raqamli transformatsiya, turizm va jamiyat rivoji kabi ustuvor sohalardagi islohotlarni ilmiy jamoatchilik ishtirokida tahlil qilish, ularning amaliy natijalari va istiqboldagi vazifalarni belgilashda eʼtibor qaratiladigan jihatlar muhokama qilindi.

Konferensiya davomida turli sohalar boʻyicha yetakchi ekspertlar “Oʻzbekiston–2030” strategiyasida belgilangan vazifalar boʻyicha tahliliy maʼruzalarini taqdim etdilar. Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi Bunyod Tillaxodjayev oʻz taqdimoti orqali Strategiyaning tashqi siyosat yoʻnalishida qoʻyilgan maqsadlar va erishilgan natijalar boʻyicha tahlili bilan ishtirok etdi.

U oʻz maʼruzasida qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro maydonda Oʻzbekistonning nufuzini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar, shuningdek, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda kuzatilayotgan ijobiy tendensiyalar haqida batafsil maʼlumot berdi. Shu bilan birga, kelgusi bosqichda tashqi siyosiy faoliyatni yanada faollashtirish, global chaqiriqlarga mos strategik yondashuvlarni shakllantirish va xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor vazifalar, shuningdek, Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surayotgan tashabbuslari hamda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishdagi saʼy-harakatlari jarayonlariga alohida toʻxtaldi.

Shundan soʻng, konferensiya ishtirokchilari tomonidan tashqi siyosat samaradorligi, mintaqaviy hamkorlik, investitsion diplomatiya va global maydondagi faol tashqi siyosat natijalari keng muhokama qilindi.

Shuningdek, iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy-huquqiy oʻzgarishlar, milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalqaro integratsiya, yoshlar siyosati, maʼnaviyat va madaniy meros, ekologik barqaror taraqqiyot, raqamli transformatsiya va ilgʻor boshqaruv tizimlari yoʻnalishlarida maʼruzalar tinglandi.

Tadbir yakunida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini ilmiy asosda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kelgusi rejalar, vazifalar belgilab olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati