• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

BERLIN SHAHRIDA XALQARO YOSHLAR FORUMI BOʻLIB OʻTDI

Germaniyaning “Gʻarb-Sharq uchrashuvi” jamgʻarmasi tashabbusi bilan Berlin shahrida “Kelajak almashinuvda – Yoshlar va muloqot forumi” boʻlib oʻtdi. Ushbu forumda asosiy eʼtibor Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Boltiqboʻyi mamlakatlarining fuqarolik jamiyati yosh vakillari oʻrtasida hamkorlik, tajriba almashish hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga qaratildi.

Xalqaro forumda mamlakatimizning nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakili ishtirok etdi. Tadbir doirasida yoshlar hamkorligini faollashtirish, xalqaro media loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, yoshlar integratsiyasi jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish mavzularida muhokamalar tashkil etildi.

Jumladan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi Fotihjon Qodirov qatnashgan “Sharq–Gʻarb” formatidagi ekspertlar muhokamasida davlatlar va mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashda yoshlar oʻrtasida doimiy xalqaro muloqotni qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Tadbir davomida yoshlar bilan ishlashga oid yangi loyihalar, vositalar va zamonaviy yondashuvlar taqdim etildi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan yoshlar rivojining istiqbolli yoʻnalishlari hamda mavjud muammolarni bartaraf etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Umuman olganda, forum yoshlar masalalari boʻyicha bilim va tajriba almashish, shuningdek, yoshlar hamkorligining kelgusi rivojlanish istiqbollarini belgilash uchun samarali platformaga aylandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati