
Nuridinov Ramzidin
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi
Xususiy sektor zamonaviy bozor tizimini shakllantirish, barqaror oʻsishni taʼminlash va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiy transformatsiyasining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir. Soʻnggi yillarda aynan tadbirkorlik faolligi iqtisodiy taraqqiyot, bandlik va innovatsion rivojlanishning eng muhim omiliga aylandi, bu esa biznes va xususiy tashabbus iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari sifatida namoyon boʻlayotgan global tendensiyalarga mos keladi.
“Harakatlar strategiyasi” (2017–2021), “Taraqqiyot strategiyasi” (2022–2026) hamda “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi doirasida qulay biznes muhitini yaratish boʻyicha keng koʻlamli choralar koʻrildi. Muhim bosqichlardan biri sifatida Biznes-ombudsman instituti tashkil etildi va uning faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilindi, bu esa tadbirkorlar manfaatlarini tizimli himoya qilishni taʼminladi. Shu bilan bir vaqtda biznesni roʻyxatdan oʻtkazish tartiblari soddalashtirildi, rejasiz tekshiruvlar bekor qilindi hamda yer uchastkalarini ajratish tartibi takomillashtirildi, bu esa maʼmuriy toʻsiqlarning kamayishiga va tadbirkorlik faolligining rivojlanishiga xizmat qildi.
Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish yoʻlini davom ettirar ekan, Oʻzbekiston 2019–2021-yillarda biznes muhitini raqamli oʻzgartirishga eʼtiborini qaratdi. “Yagona darcha” tizimi va “E-kadastr.uz” elektron portali yaratilishi koʻplab byurokratik jarayonlarning onlayn shaklga oʻtishini taʼminladi, bu esa shaffoflikni oshirdi va biznes uchun xarajatlarni kamaytirdi. Litsenziya va ruxsatnomalarni olish tartibining soddalashtirilishi kichik biznes subyektlari va tadbirkorlar sonining ortishiga yordam berdi hamda fuqarolarning yangi bozor munosabatlari institutlariga boʻlgan ishonchini mustahkamladi.
2022–2024-yillarda xususiy sektorning yanada rivojlanishi raqobatning kuchayishi va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi bilan tavsiflandi. Raqobat mavjud boʻlgan sohalarda davlat korxonalarini tashkil etishga cheklovlar oʻrnatildi, oilaviy biznesni qoʻllab-quvvatlash dasturlari joriy etildi va kreditlash boʻyicha elektron platformalar ishga tushirildi. “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi hamda “Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti” oʻtkazilishi davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, tadbirkorlik tashabbusining barqaror rivojlanishi va xususiy investitsiyalarni jalb etish uchun poydevor yaratdi.
Ushbu islohotlar natijasida 2024-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushi 54,3 foizga, eksportda — 33,3 foizga, sanoatda esa — 32,4 foizga yetdi. Bunday dinamika shuni koʻrsatadiki, aynan xususiy sektor iqtisodiy oʻsish va milliy iqtisodiyotning diversifikatsiyasi uchun asosiy lokomotivga aylandi[1].
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda mamlakatda 77 mingta yangi korxona tashkil etilgan, faoliyat yuritayotgan korxonalarning umumiy soni esa 358,1 mingtaga yetgan. Yangi xususiy biznes subyektlarining eng katta qismi savdo sohasida — 28 mingta korxona sifatida roʻyxatga olingan. Undan keyingi oʻrinlarda sanoat (12,8 mingta), qishloq xoʻjaligi (9,1 mingta) hamda yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasi (6,5 mingta) joy olgan[2].
Shuni taʼkidlash joizki, “Oʻzbekiston–2030” strategiyasiga koʻra, asosiy maqsadlardan biri iqtisodiyotdagi nodavlat sektori ulushini 85 % gacha oshirish va davlat ulushi ishtirokidagi korxonalar sonini hozirgi 2300 tadan 383 tagacha qisqartirishdir. Xususiylashtirish, raqobatni kuchaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bu yoʻnalish iqtisodiyot samaradorligini oshirish va davlatning tijorat faoliyatidagi rolini pasaytirishga yoʻnaltirilgan.
Ushbu chora-tadbirlarni rivojlantirishda davlatning bir qator funksiyalarini xususiy sektorga oʻtkazish alohida ahamiyat kasb etadi. Shunday qilib, 2025-yil 1-iyuldan boshlab biznesga 11 turdagi davlat xizmatlari topshirilgan, jumladan, tibbiy tashkilotlarni akkreditatsiya qilish, hisoblagichlarni tekshirish va transportni ekosertifikatsiya qilish. Bundan tashqari, 2028-yilgacha xizmat koʻrsatish sohasidagi korxonalar uchun 1% miqdoridagi ijtimoiy soliqning imtiyozli stavkasi uzaytirilgan, bu ularning rivojlanishini ragʻbatlantiradi va aholining bandligini oshirishga yordam beradi[3].
Ishbilarmonlik faolligini yanada oshirish maqsadida 2026-yil 1-yanvardan boshlab yillik aylanmasi 1 mlrd soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun 1 foiz miqdorida pasaytirilgan soliq stavkasi joriy etiladi. Ushbu chora soliq yukini kamaytirish va yangi ish boshlayotgan tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan boʻlib, bu ayniqsa kichik biznes sohasini mustahkamlash va oʻzini oʻzi band qilishni kengaytirish uchun muhimdir[4].
Soliq imtiyozlarini joriy etish bilan bir qatorda ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoqlarni rivojlantirishga xususiy kapitalni jalb etish kuchaydi. Xususan, taʼlim sohasida xususiy bogʻchalar soni 120 barobardan ziyod koʻpayib, 31 mingtaga, xususiy maktablar soni esa 22 barobarga oshib, 645 taga yetdi. Maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 70-80 foizdan past boʻlgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga imtiyozlar berilmoqda: 30-yilgacha ijara toʻlovidan ozod qilish va har bir tarbiyalanuvchi uchun xarajatlarning 50 foizini subsidiyalash. Bunday ragʻbatlantirishlar sifatli taʼlim olish imkoniyatini oshirishga va xususiy investorlarning inson kapitalini rivojlantirishda faol ishtirok etishiga yordam beradi[5].
Shunga oʻxshash tendensiyalar sogʻliqni saqlash sohasida ham kuzatilmoqda. Soʻnggi yetti yilda xususiy tibbiyot muassasalari soni 3,5 mingtadan 8,5 mingtaga koʻpaygan. Bu oʻsish biznes uchun qulay sharoitlar, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bilan bogʻliq. Bundan tashqari, aholining xususiy tibbiy xizmatlarga boʻlgan ishonchi ortib bormoqda, bu esa xizmat sifatini yaxshilash va fuqarolarning zamonaviy davolash usullaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda[6].
Ayrim tarmoqlardagi tarkibiy islohotlar natijalari makroiqtisodiy darajada ham namoyon boʻlmoqda, bu investitsiyalarning oʻsishi va xususiy sektor faolligi bilan tasdiqlanmoqda. Xususan, 2024-yilda Oʻzbekistonda 493,7 trillion soʻm asosiy kapitalga investitsiyalar oʻzlashtirilgan boʻlib, shundan 150,5 trillion soʻmi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalardir. Soʻnggi besh yilda kapital qoʻyilmalarning umumiy hajmi qariyb 2,3 barobar oʻsdi, investitsiyalarning 75,9 foizi jalb qilingan mablagʻlar hisobidan, 24,1 foizi esa korxonalar, tashkilotlar va aholining oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirildi[7].
Xalqaro baholashlar ham Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar samaradorligini tasdiqlamoqda. Xususan, Jahon bankining “Biznesga tayyorlik 2024” (B-READY) hisobotiga koʻra, rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda xususiy sektor ish oʻrinlarining qariyb 90 foizini yaratadi, investitsiyalarning 75 foizini va sanoat ishlab chiqarish hajmining 70 foizdan ortigʻini taʼminlaydi. Tadbirkorlik faoliyatini samarali va shaffof tartibga solishga iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish va samaradorlikni oshirishning eng muhim vositalaridan biri sifatida qaralmoqda[8].
Bundan tashqari, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo davlatlar COVID-19 pandemiyasidan keyin barqaror tiklanish uchun davlat va biznes oʻrtasida yaqin hamkorlik zarurligi haqidagi pozitsiyani maʼqullaydi. Tashkilotning hisob-kitoblariga koʻra, 2030-yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun talab qilinadigan yillik investitsiyalar 2019-yildagi 2,5 trillion AQSH dollaridan 2020-yilda 3,7 trillion AQSH dollarigacha oshdi, bu esa investitsiyalarni jalb qilish va uzoq muddatli rivojlanishning strategik vazifalarini amalga oshirishning asosiy mexanizmi sifatida DXSHning ahamiyatini oshiradi[9].
Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) rivojlanishidagi sezilarli yutuqlarni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlari ham tasdiqlaydi: agar 2021-yilda DXSH loyihalarining umumiy portfeli taxminan 6,2 milliard AQSH dollarini tashkil etgan va bu YIMning taxminan 8 foiziga toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2024-yil oxiriga kelib u 31 milliard dollarga yoki YIMning 27 foiziga yetdi. Bunday tendensiya xususiy kapitalning iqtisodiyotdagi mavqei kuchayib borayotganidan dalolat beradi va investorlarning ichki bozorga qiziqishi ortib borayotganini koʻrsatadi[10].
Shunday qilib, Oʻzbekiston tajribasi shuni koʻrsatadiki, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratish, xususiy kapitalni faol jalb qilish mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun ishonchli poydevor yaratadi. Uzoq muddatli istiqbolda aynan xususiy sektor milliy raqobatbardoshlikni oshirish, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy oʻsish va aholi farovonligi oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashning asosiy omiliga aylanishi mumkin.
[1] https://review.uz/post/infografika-razvitie-predprinimatelstva-v-uzbekistane-v-2024-godu
[2] https://review.uz/post/infografika-razvitie-predprinimatelstva-v-uzbekistane-v-2024-godu
[3] https://lex.uz/ru/docs/7408437#7415547
[4] https://president.uz/ru/lists/view/8375
[5] https://president.uz/ru/lists/view/8397
[6] https://president.uz/ru/lists/view/8397
[7] https://stat.uz/ru/press-relizy/50246-2024-god
[8] https://www.worldbank.org/en/businessready
[9] https://www.oecd.org/content/dam/oecd/en/publications/reports/2022/06/business-insights-on-emerging-markets-2022_484f49b4/d64eb6c6-en.pdf
[10] https://www.imf.org/en/Publications/CR/Issues/2025/06/23/Republic-of-Uzbekistan-Selected-Issues-567982