• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

POKISTONNING MINTAQAVIY TADQIQOTLAR INSTITUTI BILAN HAMKORLIK YOʻLGA QOʻYILDI

Oʻzbekiston delegatsiyasining Pokistonga tashrifi doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari bilan uchrashuvlari tashkil etildi. Jumladan, Eldor Tulyakov Pokistonning Mintaqaviy tadqiqotlar instituti (Institute of Regional Studies, IRS) prezidenti Jovxar Salim bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida Janubiy va Markaziy Osiyodagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlar, barqaror rivojlanish, xavfsizlik va integratsiya masalalari boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek, tomonlar mintaqaviy tadqiqotlar, xalqaro munosabatlar va strategik tahlil sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Xususan, ilmiy-tadqiqot boʻyicha tajriba almashish, tahliliy materiallar tayyorlash va ekspertlar oʻrtasida muntazam muloqot oʻrnatish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi doirasidagi ustuvor vazifalar, tashqi siyosatdagi asosiy yoʻnalishlar, shu jumladan, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. IRS rahbariyati institutning mintaqaviy tadqiqotlar sohasidagi ilmiy salohiyati va xalqaro hamkorlik tajribasi bilan tanishtirdi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ilmiy-tahliliy aloqalarni kengaytirish hamda qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati