
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomasi jamiyatimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, chuqur eʼtibor bilan tinglandi. Soʻnggi yillarda Murojaatnoma yoʻllash anʼanaga aylanib, u mamlakatni rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi muhim siyosiy va strategik hujjat sifatida qaror topdi.
Murojaatnoma, avvalo, davlat va jamiyatni tashvishga solayotgan eng dolzarb masalalarga tizimli yechimlar taklif etilishi bilan ahamiyatlidir. Unda nafaqat hozirgi islohotlarning mazmun-mohiyati, balki kelgusidagi rivojlanish yoʻnalishlari, aniq maqsadlar va ularga erishish mexanizmlari belgilab beriladi. Eng muhimi, “Qanday natijaga erishamiz?” va “Bu natijalar fuqarolar hayotida qanday aks etadi?” degan savollarga amaliy javoblar taqdim etiladi.
Shu jihatdan, Murojaatnoma strategik ahamiyatga ega boʻlgan dasturiy hujjat hisoblanadi. Chunki unda ilgari surilgan tashabbus va gʻoyalar keyinchalik qabul qilinadigan davlat dasturlari, tarmoq va hududiy strategiyalarda oʻz ifodasini topadi hamda amaliy ijro uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Bu yilgi Murojaatnomada ham eng muhim va hayotiy masalalarga alohida urgʻu berildi. Xususan, olib borilayotgan islohotlar jamiyatning har bir aʼzosi tomonidan kundalik hayotda bevosita sezilishi lozimligi taʼkidlandi. Davlat rahbari joylarda, ayniqsa mahallalarda infratuzilmani tubdan yaxshilash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Yoʻllarning sozligi, sifatli ichimlik suvi taʼminoti, obod va qulay yashash muhiti aynan mahallalarda taʼminlangandagina fuqarolar davlat organlari faoliyatiga real baho bera olishi qayd etildi.
Ana shu yondashuvdan kelib chiqib, joriy yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilish tashabbusi ilgari surildi. Bu qaror islohotlarni eng quyi boʻgʻin — inson yashaydigan va kundalik hayot kechiradigan hududlarda jadallashtirishga qaratilgan boʻlib, “inson manfaatlari — davlat siyosatining markazida” degan tamoyilning amaliy ifodasidir.
Murojaatnomada katta va uzoq muddatli maqsadlar ham ilgari surildi. Jumladan, Oʻzbekistonning kelajakda oʻz kosmonavtlarini koinotga uchirish niyati borligi qayd etildi. Bu tashabbus mamlakatda ilm-fan, taʼlim, texnologiya va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning mantiqiy davomi va ramziy natijasi sifatida eʼtirof etilishi mumkin.
Shuningdek, davlat boshqaruvini takomillashtirish masalalari ham Murojaatnomaning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Davlat boshqaruvini xalqqa yanada yaqinlashtirish, davlat xizmatlarini qulay va tezkor qilish, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, korrupsiya xavfini oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi. Bu esa davlat apparati samaradorligini oshirish va fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, davlatning ochiqligi va hisobdorligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar ham davom ettirilishi alohida qayd etildi. Nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik tuzilmalari va fuqarolarning faol ishtiroki davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda muhim omil sifatida qaralayotgani Murojaatnomada yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotining navbatdagi bosqichiga puxta tayyorgarlik koʻrishga qaratilgan, aniq maqsadlar va real mexanizmlarga asoslangan strategik hujjatdir. U islohotlarning mazmunini yanada chuqurlashtirib, ularni har bir fuqaroning kundalik hayotiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi