
Eldor Tulyakov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizning oʻrta va uzoq muddatli rivojlanishini belgilab beruvchi asosiy dasturiy hujjat hisoblanadi. U Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlarning umumiy yoʻnalishi, ustuvor maqsadlari va amaliy mexanizmlarini oʻzida mujassam etadi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi, inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Bu jarayonda albatta “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi muhim manba boʻlib xizmat qildi. Biroq jamiyat hayoti va global jarayonlar doimiy ravishda yangilanib bormoqda. Yangi iqtisodiy sharoitlar, texnologik oʻzgarishlar va xalqaro maydondagi dinamika davlat siyosati oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda.
Shu bois “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini mavjud real sharoit, aholi ehtiyojlari hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Takomillashayotgan strategiyaning markazida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan asosiy gʻoya — “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil turadi. Yangi tahrirda strategiya ushbu gʻoyani amaliy mazmun bilan boyitib, mamlakat rivojlanishini yanada samarali, natijaga yoʻnaltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishni koʻzlaydi.
Strategiyani takomillashtirish jarayonida uning doirasida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar inobatga olinmoqda. Shu bilan birga, maqsadlarga erishishni aniq oʻlchash imkonini beruvchi samaradorlik koʻrsatkichlari qayta koʻrib chiqilmoqda. Har bir aniq maqsad uchun masʼul davlat organi belgilanib, zarur moliyaviy manbalar ochiq koʻrsatilishi strategiya ijrosida javobgarlik va hisobdorlikni kuchaytiradi.
Yana bir muhim jihat — strategiyaning har bir fuqaro uchun tushunarli va hayotiy boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Takomillashayotgan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi shunday shakllantirilmoqdaki, har bir inson undan oʻz hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi uchun qanday amaliy foyda borligini koʻra olsin. Yaʼni strategiya umumiy shiorlar emas, balki kundalik hayotda seziladigan aniq oʻzgarishlar manbai boʻlishi lozim.
Strategiyada belgilangan oʻrta muddatli maqsadlarning samaradorlik koʻrsatkichlari yangi iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik chaqiriqlarga mos ravishda yangilanmoqda. Shuningdek, ijroni monitoring qilish tizimini toʻliq raqamlashtirish orqali shaffoflikni taʼminlash, qaror qabul qilishda aniq maʼlumotlarga tayanish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish boʻyicha qabul qilinayotgan barcha strategik hujjatlarni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi bilan uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu davlat siyosatining yaxlitligi va natijaviyligini taʼminlaydi.
Eng muhim prinsipial jihatlardan biri — strategiyaning xalq bilan maslahatlashuv asosida takomillashtirilishidir. Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilib, aholi, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlarining takliflari inobatga olinadi. Chunki faqat jamoatchilik fikrini oʻzida aks ettirgan hujjatgina hayotiy va samarali boʻlishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilishi, bu —mavjud islohotlarni chuqurlashtirish, zamon talablariga moslashtirish va ularning xalq hayotidagi amaliy samarasini oshirishga qaratilgan izchil jarayondir. Eng muhimi, ushbu strategiya avvalo xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan umummilliy taraqqiyot dasturi sifatida shakllantirilmoqda.